Xarid cheki bermasdan P2P o‘tkazmalari noqonuniyligi tushuntirildi
Har kuni kundalik xarajat va boshqa to‘lovlarni amalga oshirganda bevosita ishlab topilgan pullar sarflanadi. Bu paytda sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar kassa chekida eks etadi. Shunday ekan mijoz xarid uchun chek talab qilishga haqli, sotuvchi esa uni taqdim etishga majbur. Bu har ikki tomonning manfaatlarini taroziga tortib tenglashtiradi. Xorazm viloyati soliq xizmati xodimlari tomonidan bozorlar va savdo majmualarida olib borilgan profilaktik tadbirlarda asosiy e’tibor shunga qaratildi.
Albatta, aksariyat iste’molchi mahsulot sotib olgach, xarid chekini talab qilmaydi unutadi yoki uni keraksiz deb hisoblaydi. Ayrim sotuvchilar ham chekni taqdim etish haqida o‘ylamaydi. Bir qarashda oddiy va arzimasdek ko‘ringan bu holat aslida katta iqtisodiy muammolarga sabab bo‘lishi hech gap emas. Bilingki, savdoda sotuvchi sizga bunday chek bermasa, u davlatdan real daromadini yashirish orqali, to‘lashi kerak bo‘lgan soliqlardan qochib kelayotgan bo‘ladi.
Olib borilgan profilaktik tadbirlarda tadbirkorlik sub’ektlari onlayn nazorat va virtual kassalardan foydalanishi hamda mijozlarga QR-kod va fiskal belgili chek taqdim etishlari majburiyligi, bunday cheklar plastik karta orqali yoki naqd pulda amalga oshirilishidan qat’i nazar xaridorga berilishi shartligi tushuntirildi.
Soliq kodeksining 22-moddasiga asosan Soliq to‘lovchilar tovarlarni yoki xizmatlarni realizatsiya qilishda xaridorga chek taqdim etishi shart. Tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-NKM va virtual kassalardan foydalanishi hamda mijozlarga QR-kod va fiskal belgili chek taqdim etishlari shart. Bunday cheklar xarid to‘lov terminal orqali yoki naqd pulda amalga oshirilishidan qat’i nazar xaridorga beriladi.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron to‘lov tashkiloti va elektron tijorat platformalari (marketpleys) orqali elektron fiskal chek taqdim qilinadi. Soliq kodeksining 221-moddasiga asosan nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, xaridorga chek bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik soliq huquqbuzarligi sanaladi va belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi,-deydi Xorazm viloyati soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar sho`basi boshlig`i Romon Atajonov.
Sotuvchi va xaridor o‘rtasida tovar yoki xizmatlar uchun xarid cheki bermasdan P2P o‘tkazmalari (bir jismoniy shaxsning kartasidan boshqa jismoniy shaxsning kartasiga) orqali hisob-kitob qilish noqonuniy hisoblanadi!
Chek berilmaganligi uchun Soliq mobil ilovasining “Soliq hamkor” bo‘limi orqali shikoyat yo‘llash mumkin.
Shunday ekan, sotuvchilar nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan savdoni amalga oshirib, xaridorga chek bermasdan soliq huquqbuzarligini sodir qilishadi. Qolaversa, belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga ham asos bo‘ladi. Sotuvchi xaridorga xarid cheki bermasdan bir jismoniy shaxsning kartasidan boshqa jismoniy shaxsning kartasiga pul o‘tkazishi orqali hisob-kitob qilishi noqonuniy hisoblanadi va ushbu mablag‘lar “yashirin iqtisod”ga zamin yaratadi.
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 283 marta