Ko‘p beriladigan savollar
- Men yashayotgan kvartiradan o‘tgan sovuq suv quvurini o‘z xisobimdan almashtirdim. Shirkat men qilgan sarf-xarajatlarni kommunal xizmat to‘lovlariga o‘tkazishni istamayapti. Siz qanday maslaxat berasiz?
Siz avvalom bor eski suv quvurlarini almashtirishingiz haqida shirkat bilan kelishib olishingiz, keyin ta’mirlash ishlar oxirida qilingan ishlarni hujjatlashtirish ularga taqdim etishingiz lozim edi. Shuningdek xujjatga quvurlarni sotib olganligingiz va bajarilgan ishlar uchun to‘lagan pulingizni tasdiqlovchi chekni ilova qilinadi. "Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 30–moddasida ayrim hollarda shirkat a’zolarining umumiy yig‘ilishi joy mulkdori tomonidan majburiy badallarning bir qismini to‘lashning pul shaklini uning umumiy xarajatlardagi ishtirokining boshqa turlariga almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
- Yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan arizalarni ko‘rib chiqish tartibini tushuntiring?
Transport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-maydagi 256-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.
YHXX organlarida yuridik yoki jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalari egasi korxona yoki tashkilotning yozma arizasi fuqarolar uchun shaxsiy pasport yoki uning o‘rniga berilgan hujjat, transport vositasini qonuniy sotib olinganligini, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan yig‘imlar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yuridik shaxslar transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini taqdim etadilar.
Transport vositalari ularni qayd etishdan oldin hududiy mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoki ro‘yxatdan chiqariladi.
Yangi tashkil etilgan tashkilot va korxonalarni avtoxo‘jaliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida transport vositalarini saqlash uchun yetarli joy maydoni (garaj, avtosaroy) mavjudligi yoki bunday joy ijaraga olinganligi haqidagi shartnomadan nusxa, hududiy YHXX organi tomonidan shu joyning ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi dalolatnoma taqdim etiladi.
Transport vositalari ushbu hollarda qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi:
Transport vositalarining turar-joy yoki egasining yashash joyi o‘zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida:
• belgilangan tartibda ariza;
• texnik hujjat (qayd etish guvohnomasi, texnik pasport, texnik talon);
• korxona va tashkilotlar transport vositalarining turgan o‘rni o‘zgarishiga asos bo‘lgan hujjat (buyruq, ijara shartnomasi, hokimlik qarori);
• transportlarning turgan o‘rnini hududlardagi YHXB organlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazganligi haqidagi dalolatnoma;
• Tashkilotning nomi, egasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida:
• belgilangan tartibda ariza;
• ismi o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjat (buyruq, farmoyish, qaror);
• fuqarolar uchun shaxsiy pasport, familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik holatini dalolatnomalarini qayd etish organi yoki sud organi tomonidan berilgan hujjat).
Egasi o‘zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida:
• belgilangan tartibda ariza;
• notarial idoralari tomonidan berilgan oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash shartnomalari, vorislik, meros va mulkka egalik qilish huquqini beruvchi guvohnomalar;
• sud qarori;
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulk qo‘mitasi idoralari tomonidan berilgan order;
• chetdan keltirilgan va bojxona nazorati ostida turgan transport vositalari uchun bojxona idorasi tomonidan beriladigan maxsus guvohnoma.
- Xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish qanday tartib asosida amalga oshiriladi?
Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2008-yil 4-avgustdagi 169-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqarolarning hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan muddatlarda ya’ni bakalavriatga kirish uchun 20-iyundan 20-iyulga qadar, magistraturaga kirish uchun 1-iyuldan 30-iyulga qadar qabul qilinadi. O‘rnatilgan tartibga binoan xorijiy fuqarolar hujjatlarini tegishli oliy ta’lim muassasasining Qabul komissiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirishlari kerak.
Xorijiy fuqarolar bakalavriatga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan har yili 1 avgust kuni o‘tkaziladigan test sinovlari natijalari asosida qabul qilinadilar. Magistraturaga esa oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil ravishda tahminan 1-10 avgust oralig‘ida tashkil etiladigan kirish imtihonlari natijasi asosida qabul qilinadilar.
Xorijiy fuqarolarni talabalar safiga qabul qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori asosida test sinovlari (bakalavriat uchun) yoki kirish imtihonlari (magistratura uchun) natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
- Iltimos, shu yil mart oyidan kuchga kirgan YHQning avtomobil oynalaridagi pardalarga tegishli bo‘limini tushuntirib bersangiz. Nima mumkin va nima mumkin emas?
2016 yil 1 martdan boshlab kuchga kirgan Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq M1 toifasidagi avtotransport vositalarida, ya’ni yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni sakkiztadan oshmaydigan avtotransport vositalarining orqa oynalarida jalyuza va pardaga ruxsat beriladi. Yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni sakkiztadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan ko‘p bo‘lgan, konstruksiyasi faqat o‘tirib ketadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan III klassning M3 toifasidagi avtotransport vositalarining yon va orqa oynalarida pardalarning mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. Bu holatlarda ikki tarafda orqani ko‘rish ko‘zgularining bo‘lishi majburiy shart hisoblanadi. Shunday qilib, yengil avtomobillarning orqa oynalariga jalyuza va pardalar osish mumkin, yon oynalarga parda osishga esa faqat, olaylik, ekskursiya avtobuslarida yo‘l qo‘yiladi.
- Bugungi xalqaro vaziyat va davr talabidan kelib chiqqan holda respublikamiz iqtisodiyot tarmoqlarining diversifikatsiya qilinishi, yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish loyihalarining amaliyotga izchil joriy etilishiga mos ravishda bandlik sohasidagi me’yoriy hujjatlarning takomillashuvi haqida so‘zlab bersangiz.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda qabul qilingan bir qator me’yoriy huquqiy hujjatlar asosida ko‘plab soliq imtiyozlari yaratilmoqda, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ishchilarni yollash va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish tartib-tamoyillari yengillashtirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish tartibi va me’yorlari hamda ularga qo‘llaniladigan imtiyozlar o‘rnatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlariga ko‘ra, 2014-yilning 1-iyulidan boshlab, qurilish materiallari sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati kichik korxonalarida xodimlarning cheklangan soni yiliga o‘rta hisobda ikki baravarga (200 kishiga) oshirildi. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab esa, mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan respublikaning kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning o‘rtacha yillik soni normativdan ko‘pi bilan 50 foizga oshirilgan hollarda, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladigan bo‘ldi.
Bularning barchasi, avvalambor, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlash joiz.
- Agar joy mulkdori umumiy mol-mulkiga ko‘rsatilayotgan xizmatdan qoniqmasa majburiy badallarni to‘lamaslikga huquqi bormi?
Yo‘q, agarda mulkdor uyga ko‘rsatilayotgan xizmatdan qoniqmasa, u bu masalani shirkatning boshqaruvini, boshqaruv raisini saylash hamda ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish vakolatiga ega shirkat a’zolari umumiy yig‘ilishiga kiritishi kerak.
- Alohida uyning turar joy mulkdori shirkati tarkibidan chiqsa ushbu uyga shirkat mablag‘laridan ulush beriladimi?
Ha, bu uyning turar-joy mulkdorlaridan ta’mirlashga yig‘ilgan mablag‘lardan beriladi. Agarda alohida ko‘p kvartirali uy turar joy mulkdorlari Shirkat tarkibidan chiqqan taqdirda turar joy mulkdorlari tomonidan ushbu uyni mukammal ta’mirlash uchun to‘plagan maqsadli jamg‘armasi hisobiga shakllanadigan pul mablag‘lari belgilangan tartibda yangi tuzilayotgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga berilishi kerak.
- Ikkinchi qavatdagi qo‘shnilarimiz balkonni kengaytirishdi va endi u oynamiz tepasida xavf solib turibdi. Kvartiraga yorug‘lik kamroq tushadigan bo‘ldi, bundan tashqari, bizni bir savol o‘ylantiradi: balkonning konstruksiyasi nechog‘lik mustahkam? Qonun nuqtai nazaridan ularning harakatlariga yo‘l qo‘yiladimi?
Dastavval, balkonning maydoni aynan qanchaga kengaytirilganligini tushunib olish kerak. Agar bu chiqarib oyna solish, gullar uchun tokchalar yoki balkonni tashqari tomondan qoplab issiq qilish hisobiga 25-30 sm ga kengaytirish bo‘lsa, balkon maydonini bunday kengaytirishda muammo bo‘lmaydi. Ko‘rib chiqilayotgan holatda obyektning hajmi va maydoni o‘zgartirilishini ko‘zda tutadigan ob’ektni rekonstruksiya qilish holati mavjud. Buning uchun Ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga1 muvofiq cheklanmagan amal qilish muddatiga beriladigan ruxsatnomani olish lozim. Shuning uchun, qo‘shnilarning ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda ularning harakatlari qonuniy bo‘ladi. Agar ruxsatnoma bo‘lmasa bu shaharsozlik qoidalarini buzish hisoblanada hamda siz da’vo bilan sudga yoki shikoyat bilan viloyat Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga hamda tuman (shahar)lar arxitektura va qurilish bo‘limlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Муҳаррир: Jabberganov Orifjon
Кўришлар сони: 588 марта