Sudlarda taftish instansiyasi joriy etiladi

Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida

 

Keyingi yillarda «Yangi O‘zbekiston — yangi sud» prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Shu bilan birga bugungi kunda sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining tahlili mazkur institutni takomillashtirish orqali amaldagi tartibni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, shuningdek apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishini hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu Qonun sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Sh.Jumaniyazov

Xorazm viloyat sudining devonxona mudiri

 

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 25.12.2023 yildagi O‘RQ-889-son Qarori

Manba: https://lex.uz/docs/-6711102 

 


Yanvar 25, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 104 marta