Shaxsiy hayot daxlsizligi: uni buzganlik uchun qanday javobgarliklar bor?
Bugungi kunda aksariyat insolarning faoliyati internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegram kanallari orqali dunyoda sodir bo‘layotgan kundalik yangiliklardan xabardor bo‘lish, ularni bir-biriga uzatish bilan bog‘liq.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda shunday toifadagi insonlar ham borki ular bir-birini maqtab ko‘kka ko‘tarishlari yoki kimlarningdir nomini loyga chaplashlari oddiy holga aylanib bormoqda. O‘zlariga yoqmagan odamlarning obro‘sini to‘kish, yerga urish, shaxsiy va oilaviy sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarini oshkor qilish uchun bor imkoniyatidan foydalanishga harakat qilishmoqda.
Xo‘sh, bunday harakatlar uchun qounuchiligimizda javobgarlik bormi? Fuqarolar, jumladan, blogerlar internetdan foydalanishda o‘zi va atrofdagilarning huquqini biladilarmi?
Shu kabi savollarimizga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinovdan javob oldik.
– Yodda tutish kerakki, bu kabi xatti-harakatlar uchun fuqarolik, ma’muriy va jinoiy shakldagi javobgarliklar belgilangan. Endi esa masalaning huquqiy jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Tuhmat. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga ko‘ra tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar shaxs bunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, bu endi jinoyat hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 139-moddasiga muvofiq tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Agar quyidagi holatda tuhmat qilinsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi (ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan).
Jumladan, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish - bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Haqorat qilish. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar shaxs bunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, bu endi jinoyat hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 140-moddasiga muvofiq, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shaxsiy hayot daxlsizligining buzilishi. Shaxsiy va oilaviy sirga oid ma’lumotlarni shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatganlik ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 461-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Masalan, siz bir qizning uning telefonidagi ma’lumotlar orqali boshqa bir erkak bilan ishqiy munosabatlaridan xabardor bo‘lib qoldingiz. Ushbu ma’lumotlarni qizga uylanmoqchi bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga yoki yaqin qarindoshlariga yetkazsangiz, bu huquqbuzarligingiz uchun javobgarlikka tortilasiz.
Agar shaxs bunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, bu uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shaxsga doir ma’lumotlar. “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra shaxsga doir ma’lumotlar - muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot tushuniladi.
Shaxsga doir ma’lumotlar shaxsning o‘z shaxsiy hayotida o‘z xohishi bilan saqlanishi, tarqatilishi mumkin. Har qanday holatda ham shaxsga doir ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda olinishi, ishlov berilishi va saqlanishi shart. “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy nazarda tutilgan.
Masalan, siz do‘stingiz yoki sizga tanish bo‘lmagan begona insonning fotosuratini yoki uning ij joyi haqidagi ma’lumotni uning roziligisiz ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatsangiz ma’muriy javobgarlikka tortilasiz.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 462-moddasiga ko‘ra shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish, xuddi shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa - ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida sodir etilgan bo‘lsa, bu Jinoyat kodeksining 1412-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yana bir muhim jihati shundaki, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun quyidagi holatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa.
Shuningdek, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shaxsni sodir etgan huquqbuzarligi uchun faqat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanibgina qolmay, balki fuqarolik huquqiy javobgarlik ham nazarda tutilgan.
Fuqarolik huquqiy javobgarlik bu qarzdorga yoki huquqbuzarning mulkiy ahvoliga salbiy ta’sir etish orqali huquqi buzilgan shaxsning yoki jabrlanuvchining huquqlarini tiklashga va mulkiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan javobgarlik shaklidir. Fuqaro o‘z shaxsiy hayoti yoki shaxsiga doir ma’lumotlar daxlsizligi buzilgani uchun moddiy-ma’naviy zararni sud orqali undirib olishi mumkin.
https://uza.uz
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 820 marta