Sanoat (2022-yil yanvar-iyun)
Dastlabki ma’lumotlarga asosan 2022-yilning yanvar-iyun oylarida tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari tomonidan 271,0 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishiga erishildi va 2021 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan o‘sish sur’ati indeksi 142,4 % ni tashkil etdi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari 1776,7 ming so‘mni (140,0 foiz) tashkil etdi, bu ko‘rsatkich bo‘yicha tumanimiz viloyatda 6 chi o‘rinni egallaydi. Viloyat jami sanoat mahsulotining 3,3 foizi tumanimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.
2022-yilning yanvar-iyun oylarida 80,9 mlrd. so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilib, 2021-yil yanvar-iyun oylariga nisbatan 145,6 foizni tashkil etdi. Jumladan, 48,1 mlrd.so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilib, umumiy hajmga nisbatan 59,5 % ni tashkil qildi, 32,8 mlrd so‘mlik nooziq-ovqat mollari (2021-yil yanvar-iyun oylariga nisbatan mos ravishda 128,0 foiz va 182,2 foiz) ishlab chiqarildi va umumiy hajmga nisbatan 40,5 % ni tashkil qildi.
Aholi jon boshiga iste’mol mollari hajmi 530,5 ming so‘m (143,1 foiz) bo‘lib, jami viloyatda ishlab chiqarilgan iste’mol mollarining 1,5 % ini tashkil etadi.
2022-yilning yanvar-iyun oylarida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish ulushi, foizda
Sanoat ishlab chiqarishda kichik biznesning hissasi
Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz ichki bozorini tovar va xizmatlar bilan ta’minlashda, aholi bandligi va real daromadlarini oshirishda, resurslarni oqilona taqsimlash va ulardan samarali foydalanishda, ijtimoiy guruhlar daromadlarining nomutanosibligini kamaytirishda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yaxshilashda katta ahamiyatga ega bo‘lib, islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy katalizatori hisoblanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bozor kon’yunkturasi o‘zgarishlariga ham, iste’molchi talabi o‘zgarishlariga ham tez moslashishga qodir bo‘lib, iste’mol bozoridagi muvozanatni ushlab turishda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, raqobat muhitining shakllanishiga xizmat qiladi. 2022-yilning yanvar-iyun oylarida tumanda 271,0 mlrd so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 74,1 mlrd so‘m yoki umumiy hajmning 27,4 % ni kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti tashkil qilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning tarkibi
(mlrd so‘mda)
Davlat va xususiy sektorning o‘zaro munosabati mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqaror vaziyatni ta’minlashda xususiy biznesning manfaatdorligini oshirishda katta xizmat qiladi. O‘z navbatida, mamlakatimizda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida nodavlat sektorning ulushi salmoqli ekanligini ko‘rish mumkin. Tarmoq korxonalari tomonidan 2022-yilning yanvar-iyun oylarida 210,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi yoki umumiy hajmning 77,7 % ni tashkil etdi.
Hududiy korxonalari tomonidan 2022-yilning yanvar-iyun oylarida 60,3 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi yoki umumiy hajmning 22,3 % ni tashkil etdi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sanoat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib Xorazm viloyati va tumanlarda ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti hajmini tumanlararo hamda tumanlarni shahar ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash orqali tahlil qilish, sanoat mahsulotini aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan miqdori dinamikasini kuzatib borish, hududlardagi ustuvor vazifalarni va o‘sish nuqtalarini belgilash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida 2022-yilning yanvar-iyun oylarida tumanda sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi 271,0 mlrd so‘mni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich Xorazm viloyatining jami sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishida 3,3 % ni tashkil etdi. Tumanda ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti hajmi aholi jon boshiga 1776,7 ming so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 140,0 % ga yetkazilganligini kuzatishimiz mumkin. Shuningdek, tumanda iste’mol tovarlari ishlab chiqarilishi 80,9 mlrd.so‘mni tashkil qilib, Xorazm viloyatining jami iste’mol tovarlari ishlab chiqarilishida 1,5 % tashkil etdi. Tumanda ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlari aholi jon boshiga 530,5 ming so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 143,1 % ga yetkazilganligini kuzatishimiz mumkin.
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 747 marta