Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʻnggi bosqichda olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.
Roʻyxatga olish jarayonida toʻplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yogʻiga qogʻozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.
Roʻyxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning toʻgʻriligiga bevosita ayni ular masʼul boʻladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real boʻlishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda boʻlishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari xodimlari, statistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar boʻlishi mumkin.
Yoshi va kasbidan qatʼiy nazar, aholini roʻyxatga oluchilar uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi va zarurat tugʻilsa, ularga qoʻshimcha maslahatlar beriladi. Aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʻlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga moliyalashtirish koʻzda tutilgan.
Amaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi koʻzda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini roʻyxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini roʻyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddatlari koʻrsatilgan. Yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud.
Gurlan tuman statistika boʻlimi
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 116 marta