Rossiyada o‘zbek kiyimlari onlayn savdosi 90 foiz oshdi

Rossiyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kiyimlarga talab ortmoqda.

2021 yilda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini ushbu davlatga onlayn sotish 2020 yilga nisbatan 90 foiz ko‘paygan. Rossiyaliklar yurtimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari orasidan ko‘pincha bolalar kiyimlarini xarid qiladi.

Bu haqda Rossiyaning “Wildberries” onlayn-riteyleri statistik ma’lumotlar taqdim etdi. 

— Bolalar ichki kiyimiga talab o‘sdi: donalab sotish bo‘yicha o‘sish 680 foizni tashkil etdi, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida. Shuningdek, aylana yoqali sport ko‘ylagi (638 foiz), bolalar ko‘ylagi (633), hammom xalati (601), bolalar koftasi (593) savdosi sezilarli jadallashgan.

O‘tgan yil O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sport kiyimlarining RFdagi sotuvi 2020 yilga nisbatan 427 foiz ortgan. 

Diyorimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari xom ashyo sifati va narxi tufayli rossiyalik xaridorlar orasida yuqori talabga ega. 

Ta’kidlash joiz, joriy yil fevral oyidan “Wildberries” O‘zbekiston bo‘ylab buyurtma tarqata boshladi. Kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqish rejasi 2020 yilda e’lon qilingan.

Kompaniya matbuot xizmati xabar qilganidek, mamlakatimizda onlayn-do‘kon xizmati ishga tushirilishi mahalliy tadbirkorlar mahsulotini Rossiya va mazkur onlayn-riteyler vakilligi bo‘lgan boshqa mamlakatlarda sotish imkonini bermoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy xaridori hisoblanadi.

Birgina joriy yil yanvar oyida Rossiya kompaniyalari yurtimizdan 39,4 million dollarlik to‘qimachilik mahsuloti xarid qilgan.

Shu bilan birga yanvar oyida 26 davlatga chiqarilgan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari umumiy miqdori 72,3 million dollarni tashkil etgan. Shuning 54,5 foizi rossiyalik iste’molchilarga to‘g‘ri keldi.

3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tarmoqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yil boshidan buyon to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 1,3 barobar oshgani ma’lum qilindi. 

Umuman, davlatimiz to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda: o‘tgan yili hukumat tomonidan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga, qariyb, 1,1 milliard dollar, ya’ni respublikadagi asosiy kapitalga kiritilgan umumiy investitsiya hajmining 5,2 foizi yo‘naltirilgan.

Hududlar kesimida qilingan tahlilga e’tibor qaratamiz. 2021 yil mamlakat bo‘yicha to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqargan jami 5342 korxonaning eng ko‘pi Toshkent shahrida joylashgan - 828 ta. Farg‘ona viloyati ham to‘qimachilik mahsuloti yetkazib berish bo‘yicha yetakchilardan – 817 korxona, Andijon viloyati 578 talik ko‘rsatkich bilan bu borada uchinchi o‘rinni egallagan.

 

uza.uz


Mart 14, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 588 marta