Rasmiy xabar

Gurlan tumanida joylashgan 5 ta avtomobillarga gaz  to‘ldirish kompressor shaxobchasi (AGTKSh) tabiiy gaz tarmog‘idan nega ajratildi?

Ushbu AGTKShlari Gurlan tumanidagi aholi iste’molchilariga tabiiy gaz yetkazib beriladigan yuqori bosimli gaz quvuriga ulangan bo‘lib, kuz-qish mavsumida aholi iste’molchilariga yetkazib beriladigan tabiiy gaz quvurlarida bosimning kamayishi holatlari kuzatilyapti.

Shu sababli avtomobillarga gaz  to‘ldirish kompressor shaxobchalari  rahbarlari  bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda “Urganch-1” gaz taqsimlash stansiyasi orqali alohida sanoat kollektoriga ulanish bo‘yicha ko‘rsatma va rasmiy ravishda ogohlantirish xatlari  berilgan. Bundan tashqari, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi  tomonidan ham aholiga va AGTKShlarning rahbarlariga tushuntirish ishlari olib borilgan. Xususan, oxirgi marotaba berilgan ogohlantirish xatida AGTKShlar  2024-yil 1-sentabrgacha alohida sanoat kollektoriga ulanishi, aks holda tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilishi ko‘rsatilgan. Shunga asosan, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz ravishda yetarli bosim ostidagi tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida Gurlan tumanida joylashgan AGTKShlar tarmoqdan  ajratilganligini bildiramiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qaroriga asosan, birinchi navbatda aholi iste’molchilari va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Tumanda avtomobillarga gaz  to‘ldirish kompressor shaxobchalariga ega bo‘lgan tadbirkorlar bilan mazkur shaxobchalarga  alohida gaz tarmog‘ini tortib kelish va tumandagi avtotransport vositalarining egalariga qulaylik yaratish bo‘yicha muloqotlar olib borilib,  zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

 

“Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali


Sentabr 19, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 44 marta