Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda  “Qamab qo‘yib uyimni yoqib yuborishdi” sarlavhasi ostida videomaterial tarqaldi. Unda o‘zini “Eshmanov O‘rolboy” deb tanishtirgan fuqaro 2017-yilda Gurlan tumani hokimining chiqargan qarorlaridan norozi ekanligini bildirgan.

Murojaat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar  davomida fuqaro Eshmanov O‘rolboy da’vo qilayotgan yer maydoni o‘zining yashab kelayotgan turar joyining yon tomonidagi, “Zarbdor” jamoa xo‘jaligining 1983-yil ishlab chiqilgan qishloq yer xaritasining 595-konturi hududida joylashgan jami 1,4 gektar yer maydoni bo‘lib, aholi punkti yerlari ekanligi ko‘rsatilgan. Eshmanov O‘rolboy yashab kelayotgan turar joyidan tashqari da’vo qilayotgan yer maydoni jami 2500 kv.metr yer maydonini tashkil qilib, bugungi kunda “Zarbdor” massivi qishloq xo‘jaligi yer xaritasida Gurlan shaharchasi hududiga qarashli aholi punkti toifasiga kiradigan yerlar bo‘lib, tegishli yerdan foydalanish yoki egalik qilish huquqi borligini tasdiqlovchi biror bir hujjatlarsiz qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekib foydalanib kelayotganligi aniqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-apreldagi “2017-2018-yillarda Xorazm viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish loyihalarining ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 181-sonli qaroriga asosan fuqaro Z.Y. tomonidan 2018-yilning 3-choragida umumiy qiymati 250 million so‘m miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirish hisobiga “Savdo va maishiy xizmat” ko‘rsatish shoxobchasi tashkil qilish loyhasini amalga oshirishi maqsadida dasturga kiritilgan. Shularni e’tiborga olib Z.Y.ga Gurlan tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining xulosasi, Xorazm viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining xulosalariga, O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasiga va Yer kodeksining 6-moddasiga asoslanib 2017-yil 25-sentabrda Gurlan tumani hokimining “Gurlan tumani Olg‘a qishlog‘i hududidan “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi” binosi qurish uchun 550 kv. metr yer uchastkasi ajratib berish to‘g‘risida”gi 2239-sonli qarori qabul qilingan.

Fuqaro O‘.Eshmanov 2017-2021-yillar oralig‘ida “Tuman hokimining 2239-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni” so‘rab sud organlarining birinchi hamda apellyatsiya instansiyalariga da’vo arizasi bilan bir necha bor murojaat qilib kelgan. Ammo uning qo‘lida yetarli hujjatlari bo‘lmaganligi sababli uning da’vosi har safar sud tomonidan rad etilgan.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida murojaatda ko‘rsatilgan vajlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi.

 

Gurlan tumani hokimligi axborot xizmati


Oktabr 23, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 62 marta