Rasmiy munosabat

“Xorazm haqiqati” gazetasida chop etilgan “Shartnoma rejalari barbod berilyapti. Nega?” nomli maqolaga munosabat

Mazkur maqolada Gurlan tumanining "Birlashgan" qishlog‘idagi fermer xo‘jaliklari paxta dalalariga oqar suv yetib bormasligi sababli ko‘zlangan hosilni yetishtirolmayotgani, suv "Nukusyop" kanalining boshlanishida joylashgan chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning sholi maydonlaridan ortmayotgani, tuman mutasaddilariga qilingan murojaatlar e’tiborga olinmagani, "Gurlan Global teks" MCHJ aprel oyida bo‘sh qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib, fermerlarga hanuzgacha shartnoma nusxasini bermayotgani tanqid qilingan.

Ushbu holat bo‘yicha Gurlan tuman Qishloq xo‘jalik bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra quyidagilarni ma’lum qilamiz: Gurlan tumani "Birlashgan" qishlog‘i hududida joylashgan "Madrim xo’ja vorislari” fermer xo‘jaligiga tuman hokimining 2020-yil 29-maydagi 1599-son qaroriga asosan "Namuna" massivi hududidan umumiy yer maydoni 109,6 gektar, shundan ekin yer maydoni 106,9 gektar, ariq va zovurlar 2,4 gektar, yo‘llar va uvatlar 0,3 gektardan iborat yer maydoni "Paxtachilik-g‘allachilik" yo‘nalishida ijaraga ajratib berilgan.

Xorazm viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va Gurlan tuman qishloq xo’jaligi bo‘limi mutaxassislari tomonidan 2022-yil 11-avgustda o‘tkazilgan monitoringda aniqlanishicha, "Madrim xo’ja vorislari" fermer xo’jaligiga 106,9 gektar ekin yer maydoni ajratib berilgan bo‘lib, shundan asosiy maydoniga 60,0 gektar paxta, 1,0 gektar sholi, 3,0 gektar kartoshka, 2,0 gektar mosh, 1,0 gektar soya, 15,9 gektar sabzavot, 4,0 gektar poliz, 20,0 gektar ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 58,7 gektar paxta (rejaga nisbatan 1,3 gektar kam), 47,5 gektar sholi (rejaga nisbatan 46,5 gektar ortiqcha), 0,7 gektar ozuqa ekinlar (rejaga nisbatan 19,3 gektar ozuqa ekinlar kam) ekilganligi, rejalashtirilgan 3,0 gektar kartoshka, 2,0 gektar mosh, 1,0 gektar soya, 15,9 gektar sabzavot, 4,0 gektar poliz ekinlari ekilmaganligi aniqlangan.

Gurlan tumani "Birlashgan" qishlog‘i hududida joylashgan "Madrim xo‘ja vorislari" fermer xo’jaligi bilan "Gurlan Global teks" paxta-to‘qimachilik klasteri o‘rtasida 2022-yil hosilidan 190,0 tonna paxta xomashyosi yetishtirib berish bo’yicha 2022-yil 1-fevralda 122-son fyuchers shartnomasi tuzilgan.

Biroq "Madrim xo’ja vorislari" fermer xo’jaligi tomonidan 19,5 tonna paxta xom ashyosi yetishtirilib, "Gurlan Global Teks" MCHJ paxta-to’qimachilik klasteriga topshirilgan, bu esa tuzilgan shartnomada ko’rsatilgan rejaning 10,3 foizini tashkil qiladi.

Gurlan tumani "Birlashgan" qishlog‘i hududida joylashgan "Madrim xo’ja vorislari" fermer xo‘jaligi 2022-yil hosili uchun 47,5 gektar ekilgan sholi ekini hosili topshirish bo’yicha shartnoma tuzmaganligi hamda sholi ekini hosilidan 71,3 tonna sholi topshirish rejalashtirilgan, amalda hozirgi kungacha biror kg ham sholi  topshirilmagan.

Shuningdek, Gurlan tuman irrigatsiya bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotlar bo‘yicha "Madrim xo‘ja vorislari” fermer xo‘jaligi bilan Gurlan tuman irrigatsiya bo‘limi o‘rtasida suv yetkazib berish bo‘yicha 2022-yil 18-may kuni  2022-207-12-171-IB-son shartnomasi rasmiylashtirilgan, lekin fermer xo‘jaligi rahbari A.Eshmanov shartnomani imzolab, muhrlashdan bosh tortib kelgan.

"Madrim xo’ja vorislari" fermer xo‘jaligiga 2022-yil vegetatsiya mavsumida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun 579,1 ming m3 suv limit belgilangan. Lekin fermer xo’jaligi maydonlaridagi rejasiz ekilgan 46,5 gektar sholi uchun suv limiti belgilanmagan.

2022-yil vegetatsiya mavsumida ekinlarni sug‘orishda jami 699,7 ming m3 miqdorida suv sarflangan. Shundan 18,2 ming m3 "Nukusyop" kanalidan, qolgan 681,5 ming m3 miqdorini ichki zovurlardan olib foydalangan.

Fermer xo‘jaligi maydonlari "Nukusyop" kanalining quyi qismida joylashganligi sababli yozgi vegetatsiya davrida ekinlarni sug‘orish uchun zovur suvlaridan foydalanilgan.

Fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan Gurlan tuman hokimining 2021-yil 18-noyabrdagi “Gurlan tumanida mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2022-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi 147-12-171-Q/21-qarorida belgilangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish rejasiga amal qilinmaganligi reja bajarilmasligiga olib kelgan. Oqibatda dehqonchilikda yana bir yil boy berilib, ko’zda tutilgan natijaga erishilmadi.

 

Gurlan tuman hokimligi Axborot xizmati


Oktabr 31, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 453 marta