Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda “Nogiron bolasi bilan qiynalgan ayol” sarlavhasi ostida videomurojaat tarqaldi.
Ushbu videomurojaatdagi ayol Ishmetova Dilfuza Matqurbonovna bo’lib, Gurlan tumani, “Shodlik” mahallasi, Bobur ko‘chasi, 1/7 xonadonda ro‘yxatda turadi. Hozirgi kunda o‘zi va ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan “Yormish” mahallasidagi yangi kottejlarda yashaydi.
Farzandi Sultonov Umidjon bolalikdan I guruh nogironi. O‘zi mustaqil harakatlana olmaydi. Ishmetova Dilfuzaning o’g’lini davolatish uchun qilgan murojaati bo’yicha tuman hokimining birinchi o’rinbosari Ulug’bek Davlatov boshchiligidagi ishchi guruhi joyiga chiqib, o’rganish olib borgan hamda o’g’lining davolanishi uchun amaliy yordam berilishi fuqaroga ma’lum qilingan.
Jumladan, Sultonov Umidjonning davolanish xarajatlari uchun xalq deputatlari Gurlan tuman Kengashining 2022-yil 24-yanvardagi VI-48-18-12-171-K/22-sonli qaroriga asosan besh mln so‘m, 2022-yil 4-apreldagi VI-53-50-12-171-K/22-sonli qaroriga asosan yana besh mln so‘m, jami o’n mln so’m moddiy yordam berilgan.
Bundan tashqari ushbu oila “Temir daftar”ga kiritilgan bo’lib, muntazam ravishda oziq-ovqat va pul mablag‘lari bilan ta’minlanib turilgan. 2022-yilda Yangi yil bayramida, Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarida bir martalik moddiy yordam va oziq –ovqat mahsulotlari “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan yetkazib berilgan. Davlatimiz Mustaqilligining 31 yillik bayramida bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari hamda farzandlariga maktab formasi olib berilgan.
Yana shuni ham qo’shimcha qilib, Ishmetova Dilfuzaning kommunal xizmatdan bo’lgan 280 000 so’m qarzdorligi ham to’lab berilganini ma’lum qilamiz.
Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 460 marta