Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Gurlan tumani hokimining fermerlar bilan uchrashuvidagi audioyozuvi tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman hokimi fermerlarning 2022-yil paxta hosili uchun tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan klaster bilan shartnoma tuzib ishlashning afzalliklari, buning tuman iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shadigan katta hissasi to‘g‘risida tushuntirishlar bergan. Shuningdek, hozirgi kunda tumanda paxtachilik bilan shug‘ullanadigan kooperatsiyaning yo‘qligi hamda uni yangidan tashkil qilish uchun ancha vaqt va katta sarmoya talab etilishini hisobga olib, hozirgi kunda klaster bilan shartnoma tuzib ishlash maqsadga muvofiq ekanligini bildirgan. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda klaster bilan ishlash har tomonlama manfaatli ekanligi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan.
Yig‘ilish davomida tuman hokimi tomonidan fermerlar shartnoma tuzishga majburlanmagan, ularning sha’niga tegadigan biror-bir so‘z ishlatilmagan.
Bu masalani barcha tomonlarning manfaatlarini ko‘zlagan holda ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 856 marta