Ochiq va samimiy muloqotlar muammolarni oydinlashtiradi
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, fuqarolar bilan jonli muloqotlar o‘tkazmoqda, aholining turmush sharoitlarini o‘rganib, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Ochiq va samimiy muloqotlarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, huquq va erkinliklarini kafolatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar, qonunchilikdagi yangiliklar, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka tushuntirilmoqda.
Parlament quyi palatasi Spikeri o‘rinbosari Zuxra Ibragimova hamda quyi palata deputati Maqsud Qurbonboyevning Xorazm viloyati Gurlan tumani aholisi bilan uchrashuvlari qizg‘in muloqotlarga boy holda samarali kechmoqda.
Uchrashuvlar davomida mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan yangi qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati keng tushuntirilyapti.
Shuningdek, deputatlar bir qator ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan tanishib, aholi vakillari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar, mavjud muammolarni atroflicha o‘rganmoqda.
Xususan, Gurlan tuman hokimligida “Mahalla yettiligi” vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida Qonunchilik palatasi tomonidan yaqinda qabul qilingan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara va mulk huquqini e’tirof etishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Muloqotlar chog‘ida ishtirokchilar tomonidan ayrim masalalar bo‘yicha bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Deputatlar berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha javoblar qaytardi.
Spikeri o‘rinbosari Z.Ibragimovaning keyingi manzili — tumandagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishilib, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 186 marta