O‘zbekiston va Rossiya turizm sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilmoqda
“Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston turizmi yili” doirasida Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida Moskva shahridagi VDNH ko‘rgazmalar majmuasidagi O‘zbekiston milliy pavilonida Moskva va Moskva viloyati sayyohlik biznesining 60 dan ortiq vakillari uchun mamlakatimizning sayyohlik salohiyatining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Rossiya tomonidan Davlat Dumasining Turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirish qo‘mitasi raisi Sangaji Tarabayev, Iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvach, Moskva meri apparati rahbarining birinchi o‘rinbosari, Moskva Turizm qo‘mitasi rahbari Yevgeniy Kozlov, Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasi ijrochi direktori Maya Lomidze so‘zga chiqdilar.
Tadbirlar davomida “RussianTraveler” jurnalining O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus soni taqdim etildi.
“O‘zbekiston – Sharq ertagi” rangli tasvirlangan nashri o‘quvchilarga O‘zbekistonning barcha viloyat va shaharlariga tashrif buyurishning jozibali jihatlarini to‘liq ochib beradi, shuningdek, o‘zbek xalqining boy madaniyati, an’analari, go‘zal manzaralari, oshxonasi va mehmondo‘stligi haqida so‘z boradi.
Rossiyaning yetakchi turizm jurnali «RussianTraveler»ning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni 2 milliondan oshmoqda, rasmiy sahifasi esa oyiga taxminan 4 million marta ko‘riladi.
Maxsus nashr 10 ming nusxada chiqarilgan bo‘lib, u Rossiyaning yetakchi turizm operatorlari va kompaniyalari, shuningdek, Rossiyaning biznes va tijorat doiralari orasida, shuningdek, Moskva aeroportlarida tarqatilmoqda.
Ikkita mamlakatning turizm sektori vakillari uchun tajriba almashish va yangi biznes aloqalarini o‘rnatish maqsadida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi.
Mehmonlarga mamlakatimizning boy madaniy va tarixiy merosini ochib beruvchi “O‘zbekiston” paviloniga ekskursiya uyushtirilib, tadbir ishtirokchilari o‘zbek taomlaridan tatib ko‘rdilar va O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdilar.
Manba: uzbektourism.uz
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 87 marta