NATIJA VA SAMARADORLIK FAOLIYAT MЕZONIGA AYLANMOQDA

#Intervyu

*Inson qadri uchun

NATIJA VA SAMARADORLIK FAOLIYAT MЕZONIGA AYLANMOQDA

Xalq deputatlari Gurlan tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Murodjon Achilovning xalqqa qilgan Murojaatida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning “o‘sish nuqtalari” belgilanib, 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilindi va kelgusi yilning ustuvor vazifalar to‘g‘risida to’xtalib o’tdi.

“Aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni qisqartirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu maqsadda 2021-yil yanvar-noyabr oylarida aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi bo‘yicha 1347 ta ish o‘rni yaratilib, dastur ko‘rsatkichi 111,5 foizga bajarildi. 323 nafar fuqarolar kasbga o‘qitildi, 890 nafar fuqarolar jamoat ishlariga jalb qilindi, 220 nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar ijtimoiy himoyaga olinib, ularga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 34,1 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.

Tumanda 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 281,3 mlrd so‘mlik 126 ta loyiha ishga tushirilib, 1432 ta ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, qo‘shimcha loyihalar shakllantirilib, 2021-yil davomida umumiy qiymati 549,6 mlrd so‘mlik 147 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 920 nafar ishsiz fuqarolar  yangi ish o‘rniga ega bo‘lishdi.

Birgina “Gurlan global teks” MCHJ tomonidan qiymati 11,6 mlrd so‘mga tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, tikuvchilik sexiga Turkiya davlatidan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi hamda ijtimoiy daftarlarda turuvchi 500 nafar ishsiz ayollarimizning bandligi ta’minlandi.

Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida nogironligi mavjud, og‘ir kasallarni davolash hamda jarrohlik amaliyotlari uchun tuman hokimligi zaxira jamg‘armasi, “Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan jami 48 nafar fuqarolarga 303 mln so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bugungi kunda tumanimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 182 ta bo‘lib, shundan 37 tasi davlat, 143 tasi oilaviy va 2 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2019-2020-yillarga nisbatan 148 taga yoki 81,3 foizga oshirilishiga erishildi. Natijada qamrov ko‘rsatkichi 2020-yilga nisbatan 1 563 taga, ya’ni 14,1 foizga oshirilib, qamrov 79,6 foizga yetkazildi.

Tuman aholisining 57 foizini (85,6 ming nafar) yoshlar tashkil qiladi. Joriy yilda tumanda yoshlarning 954 nafari ishga joylashtirildi. 3106 nafar yoshlarning har biriga 0,25 gektardan jami 776,5 gektar yer maydoni ajratib berildi. 486 nafar yoshlarga 11,8 mlrd so‘m kredit ajratildi, 204 nafari kasb-hunarga o‘qitildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda fermer va mirishkor dehqonlarning sa’y-harakatlari natijasida tumanda joriy yilda 40,9 ming tonna paxta yetishtirilib, har bir gektar yerdan olingan hosildorlik 35,3 sentnerni tashkil etdi. Bu oxirgi yillarda tuman dehqonlarining paxtachilikda erishgan eng yuqori ko‘rsatkichidir.

Joriy yilda tumanda mahallalarning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha jami 81,4 mlrd so‘mlik, shundan “Obod qishloq” dasturi doirasida “Shang‘i” va “O‘yilma” mahallalarida 26,7 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirildi.

Gurlan tumanini 2022-2026-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kelgusi 5 yilda jami 36,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Investitsiyalar jalb qilish va tumanning eksport salohiyatini oshirish maqsadida 235,0 mln dollarlik 287 ta  investitsiya loyihalari amalga oshiriladi hamda tuman eksport salohiyati 2 barobarga oshirilib, 20,9 mln dollarga yetkaziladi.

Aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, infratuzilmani yaxshilash maqsadida 2022-2026-yillarda 70 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirib olindi, xususan, kelgusi yilda “Chinobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil qilinib, 4 ta ko‘p qavatli uylar barpo qilinadi. “Obod qishloq” dasturiga asosan 2022-2026-yillarda 10 ta mahallaga o‘rtacha 151,2 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda tuman aholisining 65 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, 2026-yil yakuni bilan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 100 foizga yetkazilib, tuman markazi oqova suv tarmog‘i (kanalizatsiya) bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, 450,0 kilometrdan ortiq ichki yo‘l va 16 ta ko‘prikni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi, bunga 255,0 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida 1060 gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, bu ekinlardan bo‘shagan maydonlar aholiga uzoq muddatli ijaraga beriladi, 1000 gektarda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi, aholi xonadonlarida jami 10 gektarda issiqxonalar quriladi, 7,5 ming gektar maydonning suv ta’minoti, 28,1 km melioratsiya tarmoqlari ta’mirlanadi.

Aholi sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlash bo‘yicha 1 ta yangi oilaviy shifokorlik punktini tashkil etish va 4 ta oilaviy poliklinikalarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda tumanlararo jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi tashkil qilinadi, bugungi kunda markaz binosida qurilish ishlari olib borilmoqda, markazda MSKT (multispiral kompyuter tomografiyasi) xonasi, gemodializ zallari, angiograf, kardioreanimatsiya, laboratoriya bo‘limlari tashkil etiladi. Markaz tashkil qilingandan keyin tumanimiz hamda Shovot, Yangibozor tumanlarining jami 409,1 ming nafar aholisiga sifatli, arzon va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Ushbu markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida MSKT apparati yordamida aniq tashxis qo‘yish, angiograf yordamida bemorlarda yurak-qon tomirlarini stendlash, gemodializ apparatlari yordamida bemorlarda gemodializ davolash ishlari amalga oshiriladi. Bu jarayonlarning barchasi hozirgi paytda viloyat markazida amalga oshirilib kelinmoqda, ushbu markazning Gurlan tumanida tashkil qilinishi bilan aholiga juda katta qulayliklar yaratiladi.

Tumanda bugungi kunda 6,2 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar bo‘lib, ish izlab xorijga ketganlar 10,9 ming nafar hamda har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar o‘rtacha 2,2 ming nafarni tashkil qiladi.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish borasida asosiy 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

1-yo‘nalish - tadbirkorlikni rivojlantirish hamda mahallalarda yetishmaydigan xizmat turlarini tashkil qilish bo‘yicha jami 3266 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

2-yo‘nalish - qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, aholiga yer maydonlari ajratish va parranda, chorva mollari yetkazib berish orqali jami 8267 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

3-yo‘nalish - tuman sanoatini rivojlantirish va hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1254 ta ish o‘rinlari yaratiladi.

Tumanning asosiy “drayver” sohasi tekstil va trikotaj ishlab chiqarish hisoblanadi. Paxtachilik-to‘qimachilik yo‘nalishida “Gurlan global teks” MCHJ tomonidan 2022-yilda qiymati 24 mln dollar bo‘lgan 4 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada 1198 ta ish o‘rni yaratiladi, 10,4 mln dollar bo‘lgan mahsulot eksport qilinadi va 20,2 mlrd so‘m budjetga tushum tushishiga erishiladi.     

Gurlan tumanidagi bo‘sh turgan hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 7,3 gektar yer maydonida yangidan kichik sanoat zonasi tashkil qilindi. Mazkur yangi kichik sanoat zonasida import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan jami qiymati 36,3 mlrd so‘mlik 4 ta loyiha shakllantirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022-yil yakuniga 735,8 mlrd so‘mni, aholi jon boshiga 4,8 mln so‘mni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida kelgusi yilda jami 326 xonadonli 14 ta ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.

Aholi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilning o‘zida 76,9 km ichimlik suvi tarmog‘i hamda 2 ta suv inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda. Obyektlar ishga tushirilishi natijasida 2022-yil yakuni bilan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 65,0 foizdan 85,0 foizga yetadi.

2021-yil dasturi bo‘yicha Mustaqillik ko‘chasidagi Markaziy o‘yingohni 4,8 mlrd so‘m hisobiga ta’mirlash va zamonaviy ko‘rinishga olib kelish ishlari olib borilmoqda. Markaziy o‘yingoh 2022-yil aprel oyida foydalanishga topshiriladi.

 Prezidentimizning 2020-yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida yangidan zamonaviy loyihalar asosida qiymati 24,0 mlrd so‘mlik sport majmuasi qurilishi ishlari olib borilmoqda.

Tumanda hali qilinadigan ishlar ko‘p. Shu maqsadda yangi rejalar, qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bularning barchasi aholi manfaatlariga, ularning farovon yashashini ta’minlashga xizmat qiladi.”- Gurlan tumani hokimi Murodjon Achilov


Dekabr 27, 2021
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 625 marta