MAQSAD – AHOLINING SUDLARGA BO‘LGAN ISHONCHINI YANADA OSHIRISH
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mironovich Mirziyoyevning 2022-yil 29-yanvardagi “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning rolini yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi. Ushbu qarorga muvofiq, davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish maqsadida bir qator tartiblar joriy etilmoqda.
Hujjatga binoan ma’muriy sudlarga dalillarni yig‘ish majburiyati yuklanadi, huquqi buzilganlarga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyatidan foydalanish sharoiti yaratiladi.
Davlat organlari qarorlari natijasida yetkazilgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqi beriladi. Ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari tomonidan ijro qilinmaganda esa ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qo‘llanadi.
Mazkur hujjat sohadagi munosabatlarni tartibga solishda muhim o‘rin tutadi. Qarordagi yana bir dolzarb jihatlardan biri –endilikda arizalarni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli rad etish yoki ish yuritishni tugatish taqiqlanadi. Arizalar sudga taalluqli bo‘lmaganda, ularni ko‘rib chiqish vakolatli sudga o‘tkaziladi. Qolaversa, bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik sudiga taalluqli bo‘lganda ularni birlashtirish taqiqlanadi.
Shuningdek, muqaddam boshqa jinoyat va fuqarolik ishlari sudlarda ko‘rilishida yarashuv yoki kelishuv bitimlari joriy qilingan bo‘lsa, endilikda Prezidentimiz tashabbusi bilan ommaviy huquqiy nizolar ko‘rilishida taraflarga qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish huquqi berilishi sud amaliyotiga kiritilishi belgilandi.
Sirasini aytganda, mazkur qaror orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish, jamiyatda ma’muriy sudlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlarining ijro etilishi ustidan sud nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan.
Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining devonxona mudiri R.O.Irkayev
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 624 marta