MAMLAKATIMIZNING 4 TA HUDUDIDA AHOLINI SINOV TARIQASIDA RO‘YXATGA OLISH BOSHLANDI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida amalga oshirilishi belgilangan.

Avvalo sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishning zarurati nimadan iborat ekaniga e’tibor qaratsak.

Mamlakatimizda sinov tariqasida joriy yildan boshlanadigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 2023- yilda o‘tkaziladigan aholini yalpi ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi hisoblanadi.

      Bu jarayonda aholini ro‘yxatga olishga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo‘llanmalar, ro‘yxatga olish dasturi, savolnoma, birlamchi ma’lumotlarni kiritish va qayta ishlash bo‘yicha axborot tizimi amaliy sinovdan o‘tkaziladi. Unda qancha ko‘p respondentlar (aholi) ishtirok etsa, ko‘proq kamchiliklarni aniqlash va tuzatish imkoni tug‘iladi, pirovardida mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri sifatli va samarali o‘tkazilishi ta’minlanadi.

Xalqaro tashkilotlar ekspertlarining fikrlari va xorijiy davlatlar tajribalariga binoan, bu jarayonni aholini yalpi ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtidan kamida 2 yil oldin o‘tkazish va jami aholining ikki foizidan oshmagan holda qamrab olinishini ta’minlash maqsadga muvofiqdir. Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, sinov tariqasida respublikamizning yuqoridagi 4 ta hududida o‘tkaziladigan ro‘yxatga olish ishlarida umumiy hisobda 594,0 ming kishi, ya’ni respublika jami aholisining 1.8 foizi qamrab olinadi.

       Tanlab olingan barcha sinov hududlarida joriy yilning aprel oyida Aholini ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil qilindi.

     Aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish ikki xil usulda, ya’ni 1-5-noyabr kunlari Internet tarmog‘i orqali va 11-22-noyabr kunlari qog‘oz shaklida ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan uyma-uy yurgan holda amalga oshiriladi.

    Internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish uchun maxsus axborot tizimi (census.stat.uz sayti) ishlab chiqilgan. Mazkur axborot tizimida sinov o‘tkazilishi belgilangan hududlar aholisi uchungina emas, balki, respublikamizning barcha hududlarida yashovchi va boshqa davlatlarda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolar uchun ham tizimga kirib, ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratilgan.

           Sinov tariqasida Internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish natijasida ushbu axborot tizimining ishlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammo va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi hamda 2023- yilda respublikamizning barcha hududlarida o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish davriga qadar foydalanuvchilar uchun yanada qulay holga keltiriladi.

    Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, fuqarolarimizning aholini ro‘yxatga olish ishlaridagi ishtiroki mamlakatimizning kelgusidagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilashda hamda 2023- yilda butun respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilishi belgilangan aholini yalpi ro‘yxatga olish tadbiriga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi!

 Xorazm viloyati statistika boshqarmasi


Noyabr 09, 2021
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 796 marta