MAHALLALARDA TIBBIY KO‘RIKLAR

Bugun el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan eʼtibor har qachongidan oshgan. Xastaliklarni erta bosqichlarda aniqlash, zamonaviy davolash uslublarini keng joriy qilish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan belgilangan reja asosida bu gal viloyat tibbiyot markazlarining yetuk tor soha mutaxassislari Gurlan tumanining 9-son oilaviy poliklinika hududidagi Saxtiyon qishlog‘i “Vatanparvar” mahallasi aholisini skrining ko‘riklardan o‘tkazdilar.

-Mahallada 2376 nafar aholi istiqomat qiladi,-deydi oilaviy poliklinika mudiri Dilfuza Yo‘ldosheva.- Ko‘rikka mahallada yashovchi 40 yoshdan oshgan 687 nafar fuqaro jalb qilindi. Asosiy eʼtibor yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni barvaqt aniqlashga qaratildi. Xususan, tibbiy ko‘rik davomida 68 nafar fuqaroda kardiologik, 43 nafarida qandli diabet belgilari aniqlandi. Har bir bemor bilan individual muloqot qilinib, zarur muolajalar tavsiya qilindi.
- Meni anchadan beri qon bosimi bezovta qilib kelayotgandi, -deydi Erkinoy opa Rajabova – Oilaviy poliklinika shifokorlari tez-tez xonadonimizga tashrif buyurib, sog‘lig‘imni nazorat qilishardi. Bugun mahallamizga viloyat markazidan mutaxassislar kelganligi ayni muddao bo‘ldi. Tibbiy ko‘riklardan o‘tib, sog‘lig‘im haqida yanada ko‘proq bilib oldim. Qon bosimini meʼyorda saqlash bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Bundan tashqari, malakali mutaxassislar mahallada yashayotgan yoshi ulug‘ insonlar, nogironligi bor shaxslar va bolalarning holidan xabar olib, uy sharoitida tibbiy ko‘rik tashkil etdilar. Salomatlik stollari tashkil qilinib, to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish yuzasidan tegishli tavsiyalar ham berildi.

Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati


Fevral 14, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 858 marta