Jahon matbuoti sahifalarida

2 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari Ramazon oyining boshlanishini nishonlaydi

CentralAsia (UZ).  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Hujjatda “2022 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 2 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin” deyiladi. Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.  O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Ulamolar kengashi islom manbalari va astronomik ma’lumotlarga asoslanib, 2022 yilda muborak Ramazon oyining birinchi kuni 2 aprelga  to‘g‘ri  keladi, deb xulosa chiqargan. 

Turkiya Qizil yarim oy jamiyati Ramazon oyida  butun dunyodagi yuz minglab insonlarga yordam beradi.

«Anadolu» axborot agentligi. Turkiya Qizil yarim oy jamiyati Ramazon oyidagi insonparvarlik aksiyalari doirasida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi ehtiyojmand insonlarga yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda tashkilot rahbari Kerem Kinik Istanbulda bo‘lib o‘tgan  matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Tashkilot rahbarining ta’kidlashicha,  insonparvarlik aksiyalari  nafaqat Turiyada, balki yordamga muhtoj insonlar murakkab sharoitlarda istiqomat qilayotgan boshqa  shaharlarda ham o‘tkaziladi. 2021 yilda tashkilot  tomonidan  qariyb 7,5 million  nafar kishiga yordam ko‘rsatilgan edi.  “Joriy yilda ehson qiluvchilar va xayriya yordami bilan 400 million lira mablag‘ to‘plandi. Ramazon oyida bu ko‘rsatgich yana oshadi, degan umiddamiz.  Biz 8 million nafar kishiga yordam ko‘rsatishni niyat qilganmiz. 75 ming nafar ko‘ngillilar shu ishda ishtirok etadi”, - deydi tashkilot  rahbari. 

O‘zbekistonga temir yo‘llarni elektrlashtirish uchun 108 million dollar miqdorida kredit mablag‘i  ajratiladi

CentralAsia (UZ).  Osiyo infratuzilma investitsiyalari  banki O‘zbekistonga “Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish uchun 108 million dollar  miqdorida  kredit  ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank saytida  xabar beriladi. Toshkent xalqaro investitsiya  forumida  bu boradagi Kelishuv imzolangan edi. 465 kilometr temir yo‘lini elektrlashtirish va  yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi bilan tez, ishonchli va tejamkor harakatlanish  usuli ta’minlanadi, bu esa,  mamlakat biznesi va sayyohlik sohasini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi. Bu yo‘nalish O‘zbekistonning g‘arbida joylashgan  Xorazm viloyatining chekka hududlarini  mamlakatning markaziy va sharqiy  tumanlari bilan bog‘laydi. Tezyurar poyezdlar 250 km/soat tezlikda harakatlanadi, bu esa, Buxorodan Xivagacha bo‘lgan yo‘lni 3 soatgacha  tejash va poytaxtdan 7 soatda Xivaga yetib borish imkoniyatini ta’minlaydi. 

O‘zbekistonda Chevrolet Tracker-2 avtomobilini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

CentralAsia (UZ).   Asakadagi «UzAuto Motors» AJ zavodida Chevrolet Tracker-2 avtomobilini seriyali ishlab  chiqarishga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichi boshlandi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlariga ko‘ra, sinov tariqasida ishlab chiqariladigan ushbu Tracker ning sinov bosqichi  “sotish uchun mo‘ljallanmagan” deb nomlanadi. “Bu bosqichda 16 ta mashina ishlab chiqariladi va ular eng qiyin sinovlardan o‘tkaziladi”, - deydi  loyiha rahbari. «UzAuto Motors» AJ kompaniyasi yoz oylaridan boshlab Chevrolet Tracker-2 rusumli avtomobillarni ishlab chiqarishni  rejalashtirmoqda.

Manba: Uza.uz


Aprel 02, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 601 marta