Jaholatga qarshi ma’rifat

 

Yangi O‘zbekiston – yangicha taraqqiyot

Umumxalq salohiyati va uning intellektual imkoniyati xalq daholik qudratining rivojlanishiga, yuksalishiga olib keladi. Xalq dahosi adolat hukmron bo‘lgan, davlat buyuk maqsadlarni ko‘zlagan va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlagan paytlarda o‘zining noyob namunasini ko‘rsatgan. Bugun yangi O‘zbekistonda yangicha tafakkur bilan yashash instinkti fe’l-atvorga, xarakterga, turmush tarziga aylanayotgan bir paytda xalqning daholik qudrati tobora oshayotganini ko‘rayapmiz.  Biroq bu mo‘tabar jarayon ayni paytda har birimizning mas’uliyatimizni oshirmoqda.

Zamonaviy sivilizatsiya insoniyat tasavvurini o‘zgartirmoqda. Ayniqsa, yoshlarning murg‘ak ongi yetarli darajada rivojlanishiga, tabiiy holda taraqqiy topishiga mone’lik qilmoqda. Turmush tarzida sun’iylik, befarqlik, loqaydlik chuqurlashib bormoqda. Loqaydlik va befarqlik esa har qanday taraqqiyotning kushandasi hisoblanadi. Donishmandlardan biri bu borada shunday degan ekan: “Dushmaningdan qo‘rqma, zo‘r bo‘lsa seni o‘ldiradi. Do‘stingdan qo‘rqma, zarur bo‘lganda sotqinlik qilishi mumkin. Loqaydlardan qo‘rq, befarqlardan qo‘rq. Loqaydlik va befarqlik mavjud ekan, insoniyatga o‘lim tahdid solaveradi”.

Loqaydlik va befarqlik, yakka tartibda yashash, aqlni ishlatmay ko‘p narsaga erishish, mehnat qilmay daromad topish illatlari hayotimizda mavjud. Hayot haqiqati va insoniyat tajribasi shuni ko‘rsatadiki, buyuk maqsadlar bilan yashaydigan xalqgina buyuk kelajagini yarata oladi. Buning uchun juda katta ma’rifat, ulkan ma’naviy qudrat kerak.

Keyingi yillarda hayotga munosabatlar intilishlar ulkan maqsadlar va qat’iy ishonch bilan uyg‘unlashib bormoqda. Butunlay yangi dunyoqarashdagi, yangi tasavvurdagi yangi fuqarolar shakllanyapti. Buning natijasida esa sivilizatsiyalashgan istiqbolga aniq ishonch bilan qaraydigan, butunlay yangi tipdagi yangi O‘zbekiston vujudga keldi va real voqelikka aylandi. Ana shu jarayonlarda asosiy masalalardan biri  hamma sa’y-harakatlarni insonga, uning real manfaatlariga, ruhiy va intellektual sog‘lomligiga, ma’naviy tarbiyasiga qaratish vazifasi. Davlatimiz rahbari yangilanishlar va tub o‘zgarishlar mohiyatini xuddi ana shu omillarda kashf etib, islohotlarning barcha jabhalarini ayni inson orqali amalga oshirish nazariyasini asoslab berdi.

Har qanday taraqqiyot halq daholik qudratining natijasi. Davlat mamlakatni rivojlantirish strategiyasini ishlab, uni amalga oshirish bo‘yich qarorlar, farmonlar va qonunlar qabul qilinadi. Xalq esa bunyodkorlik kuchi, yuksak qobiliyati va intellektual salohiyati orqali uni amalga oshiradi.

Fuqarolarning g‘oyaviy va ma’naviy yuksakligi qudratli kuchdir. Har qanday taraqqiyotning asosi – axloq! Har qanday tanazzulning asosi – axloqsizlik! O‘zbekiston xalqi bir necha sivilizatsiyalarni ko‘rgan el sifatida buni butun dunyoga isbotlab berdi.

Biz yangi O‘zbekiston sharoitida buni tobora chuqur his etmoqdamiz. Taraqqiyot mohiyatini anglash istiqlol tushunchasi mazmun-mohiyatini tushunishga olib kelmoqda. Uning insoniy mohiyati tobora chuqurlashmoqda. Yangicha tafakkur, yangilanayotgan ong bevosita islohotlar mazmunini anglash orqali ulkan ijtimoiy, sivilizatsiyaviy jarayonga, yangi Renessans hodisasining ilk jarayonlariga bog‘lanib bormoqda.

Keyingi yillarda yangi O‘zbekiston shakllandi. Buni albatta  qishloqlar va mahallalarimiz qiyofasi tubdan o‘zgargani, ishlab chiqarish sohasi butunlay isloh qilinishi, ijtimoiy sohani rivojlantirishda yaqqol ko‘ramiz, lekin uning tub mazmuni, ijtimoiy qadriyati, inson tafakkurining keskin o‘zgarganida baholanadi.

Darhaqiqat, odamlar, ijtimoiy hodisa sifatida o‘zini anglayapti, hech kim hech kimdan kam emasligini, u to‘laqonli baxtli, saodatli yashashga haqli ekanini tushunmoqda. O‘zining siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va ijtimoiy ehtiyojlarini, talablarini o‘rtaga tashlamoqda. Ongli ma’rifatli hayot tarzi qaror topmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan umummilliy uyg‘onishga umummilliy  taraqqiyotga asos bo‘lmoqda. Odamlarga ichki rag‘bat, o‘z sohasi doirasida ijodiy yondashuv, yangicha munosabatlar qaror topmoqda. Madaniy-ma’rifiy jarayon tobora chuqurlashib, hayot mazmunini yanada o‘zgartirmoqda. Uni ijobiy ntijalarga erishtirmoqda. Demak, odamlar tasavvuri orqali jamiyatning ma’naviy-axloqiy qiyofasi o‘zgarib, takomillashib bormoqda.

Har qanday  taraqqiyot yuksak axloqqa, zamonaviy bilimga, keng tafakkurga suyanadi. Jaholat, zalolat, qabohat singari insoniy qadriyatlarning shafqatsiz dushmanlari barbod etiladi. Bu yangi Renessans davrining debochasi yoki ostonasi hisoblanadi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Gurlan tuman bo‘linmasi rahbari                        M.O‘razbayeva 


Oktabr 10, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 222 marta