Insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir
Hozirgi kunda viloyatimizda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish ishlari davom etmoqda. Mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplashning eng samarali usuli aholini roʻyxatga olishni sifatli tashkil etishga bevosita bogʻliq. Ayni paytda viloyatimiz shahar va tumanlarida ushbu muhim tadbirga jiddiy tayyorgarlik koʻrilmoqda. Aholini roʻyxatga olishni ilgʻor horijiy tajriba, zamonaviy texnologiya va uslublardan foydalangan holda tashkil etish belgilangan.Aholini roʻyxatga olish nafaqat statistik maqsadlar uchun balki mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini yanada har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi. Mamlakat fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi. Ular nafaqat respublika, balki yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi. Aytish joizki, aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. Aholini roʻyxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qatʼiy nazar, birdek manfaatdormiz. Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan koʻp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʻzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʻlsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qoʻyiladi, deyish har jihatdan toʻgʻri boʻladi.
Gurlan tuman statistika boʻlimi
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 193 marta