Gurlan tumanida “Eng kitobxon maktab” loyihasi boshlanadi

Gurlan tumanida umumta’lim maktablarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Eng kitobxon maktab” loyihasining tuman bosqichiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Umrbek Jumaniyazov hamda IX - Oltin kalam Milliy mukofoti sovrindori, jurnalist Shuxratjon Oxunjonov, tuman maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari ishtirok etishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi PQ/3271-sonli Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 18-yanvardan 30-yanvargacha  12 kun davomida Gurlan tumanida "Kitobxonlik haftaligi" doirasida "Eng kitobxon oila","Eng kitobxon mahalla" va “Eng kitobxon maktab” loyihasi o‘tkaziladi.

Loyiha viloyat hokimligi, Xalq ta’limi va Ichki ishlar boshqarmasi “Kitob markazi – Kitob dunyosi”  tarmoq markazlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ushbu loyiha doirasida Gurlan tumanidagi  korxona va tashkilotlar, mahallalar, shuningdek, tuman maktab va MTM qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. 

Loyiha doirasida o‘tkaziladigan Ijodiy uchrashuvlar, kitob yarmarkalari davomida kitobxon o‘quvchilar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilar e’tiboriga 3 000 nomdagi sifatli kitob mahsulotlari taqdim etiladi. 

Loyiha yakunida "Eng kitobxon maktab", “Iqtidorli o‘quvchilar”, “Eng faol kutubxonachi”, “Faol maktab direktori”, “Eng faol OAV xodimi”ga, shuningdek, viloyat doirasida qayd etilgan umumiy natijalarga ko‘ra 2 va 3-o‘rinlarni egallagan maktablarga qimmatbaho sovg‘alar, bundan tashqari, "Eng kitobxon maktab"ga yurtimizda ishlab chiqarilgan AVTOMOBIL tantanali ravishda topshiriladi.

 

Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati


Yanvar 17, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 81 marta