Gurlan tumani prokurori Salayev Baxrom Axmatjanovich murojaatnomasi

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar va tumanimiz aholisi!

Joriy yilning 6 oyi maboynida Gurlan tumani hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibi hamda fuqarolar havfsizligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, oilaviy zo‘rovonlik, talonchilik, firibgarlik, o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l transport hodisalari kamayishiga erishildi.

Tashabbus bilan 14 ta giyohvandlik, 2 ta noqonuniy ov quroli saqlash, 2 ta poraxo‘rlik, 1 ta qimorxona tashkil qilish, 1 ta elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va 9 ta boshqa turdagi jinoyatlar aniqlandi.

Qidiruvda bo‘lgan 12 nafar jinoyatchilar ushlanib, jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Qilinayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bilan bog‘liq ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalsam.

Xususan tumanimizda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyat turlaridan og‘ir tan jarohati yetkazish, aliment, o‘g‘irlik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisasi, avtotransport vositasini olib qochish jinoyatlari qo‘payishiga yo‘l qo‘yildi.

Tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining ko‘pchiligi, piyodalar tomonidan yo‘llarning belgilanmagan joylaridan kesib o‘tishi oqibatida sodir etilgan bo‘lib, bular asosan tuman markazidagi “Mustaqillik” ko‘chasi va “Urganch-Gurlan” avtomabil yo‘llariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyatlaridan asosan, xonadon o‘g‘irligi va qoramol o‘g‘irligi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar ko‘paygani kuzatiladi.

Aziz hamyurtlar!

Quyidagi yetkazmoqchi bo‘lgan jinoyat turiga alohida e’tibor berishlaringizni so‘rab qolardim. Hozirgi zamonda tobora ommalashib borayotgan kiber makonda o‘g‘irlik hamda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar kun va vaqt sayin oshib bormoqda.

Ushbu turdagi jinoyatlar deyarli har bir fuqaromizning bevosita shaxsiy havfsizligi bilan bog‘liq bo‘lib, fuqarolarimiz tomonidan foydalanib kelayotgan bank plastik kartalaridan pul moddiy qiymatliklarining masofaviy o‘zlashtirishning biron bir imkoniyati mavjud emasligi ayni haqiqat bo‘lib, biroq kiber makondagi ommaga noma’lum bo‘lgan xakkerlar tomonidan turli aldov va chalg‘ish yo‘llari orqali sizning bank kartangizdan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritib, pullaringizni masofaviy o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Qadrli tumanimiz fuqarolari, shu bilan bir qatorda, yo‘l transport hodisalari, o‘g‘irlik, firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarning qurboni bo‘lib qolmasliklaringiz uchun o‘zingiz va atrofingizda sodir bo‘layotgan har bir shubhali holatlarga befarq bo‘lmasligingizni so‘rab qolaman.

Barchangizni oilangizga tinchlik-hotirjamlik tilab, yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida yelkama-yelka xizmat qilishga chorlab qolaman.

 

Gurlan tumani prokurori  Salayev Baxrom Axmatjanovich

 


Iyul 09, 2025
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 16 marta