GURLAN TUMANIDA QOTILLIK JINOYATI KENG JAMOATCHILIK ISHTIROKIDA MUHOKAMA ETILDI

Joriy yilning 30 oktyabr sanasini Gurlan tumanining “Ziyokor” mahallasida yashovchi aholi anchagacha “qora kun” sifatida eslashi tabiiy. Chunki shu kuni mahallada yashovchi bir oilaning farzandi og'ir tan jarohati bilan qasdan odam o'ldirish jinoyati qurboni bo'ldi. (Tergov manfaatlaridan kelib chiqqan holda  jinoyat ishi ishtirokchilarining shaxsiga oid ma'lumotlar to'liq oshkor etilmadi)

Jinoyat to'g'risida xabar olgan tuman ichki ishlar bo'limi va prokuratura xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi zudlik bilan hodisa joyiga yetib borishdi. Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari natijasida ushbu xonadon kelini jinoyat ishi bo'yicha gumonlanuvchi sifatida ushlandi. Dastlabki tergov harakatlari natijasida olingan ma'lumotlar asosida jinoyatning kelib chiqishi uchun sabab bo'lgan shart-sharoitlar 3 noyabr kuni Gurlan tumanida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida  muhokama etildi.

Unda Xorazm viloyat IIB boshlig'ining  birinchi o'rinbosari T.Kazakov, viloyat IIB hukukbuzarliklar profilaktikasi boshlig'i polkovnik S.Raximov,  tuman hokimi Murodjon Achilov,  Gurlan tumani IIB boshlig'i podpolkovnik Sh.Ramazonov ishtirok etdilar.

Tuman hokimi Murodjon Achilov hozirgi kunda notinch oilalarda mavjud nizoni bartaraf etish, ijtimoiy muhitni yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar  yetarli darajada emasligi, ayniqsa, ayollar tomonidan qotillikka qo'l urish holatlarining ro'y berayotganligi jamiyatimiz uchun juda achinarli hol ekanligini ta'kidlab o'tdi.


Shundan keyin, qotillik jinoyati to'g'risida viloyat IIB hukukbuzarliklar profilaktikasi boshlig'i polkovnik S.Raximovning hisoboti hamda jamoatchilikning fikrlari tinglandi.


Muhokama yakunida kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.

 Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati


Noyabr 03, 2021
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 928 marta