GURLAN TUMANI HOKIMI MURODJON ACHILOVNING TUMANIMIZ AHOLISIGA YANGI YIL BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Avvalombor, barchangizni yurtimizga qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2022 yil bilan samimiy muborakbod etib, sizlarga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida keyingi besh yilda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, iqtisodiyotimizni yuksaltirishdek ezgu maqsadning amaliy ro‘yobiga qaratilganligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

So‘nggi yillarda tumanimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi korxonalar, zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘cha va maktablar, shifoxonalar, sport maskanlarini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi va kelgusida ham bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Mirishkor dehqon va fermerlarimiz barcha qiyinchiliklarni mardona yengib, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy qilish hisobiga yakunlanayotgan yilda paxta hosildorligini oshirishda eng yuqori samaradorlikka erishdilar. Qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarida ham qo‘lga kiritgan natijalarimiz ancha salmoqli bo‘ldi.
 Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada keng imkoniyatlar ochilib, yil davomida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar uchun ushbu sohalarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bu sa’y-harakatlar zamirida, albatta, mard va tanti vatandoshlarimizning fidokorona mehnati, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va orzu-intilishlari mujassam.
2022-yilda xalqimiz hayotida bundan ham katta o‘zgarishlar ro‘y berishiga, el-yurtimiz yangi-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz.

Aziz do‘stlar!
Mana shunday quvonchli damlarda Sizlarni Yangi yil bayrami bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Yangi yil xonadoningizga fayz-u baraka, baxt-saodat olib kelsin! 

Yurtimiz tinch, xalqimiz osoyishta, turmushimiz hamisha farovon bo‘lsin!

Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!


Dekabr 30, 2021
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 649 marta