GURLAN TUMAN HOKIMI MURODJON ACHILOVNING TUMANIMIZ AHOLISIGA MUROJAATI
ASSALOM ALAYKUM QADRLI ELDOSHLAR !
Bugun ekologik muammolarning makon va chegara tanlamasligini davrning o‘zi yaqqol ko‘rsatmoqda. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida 2022-yilning 2-fevral kuni o‘tkazilgan chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022-yilgi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlariga asosan tumandagi aholi hududlarida yangi ekologik madaniyatni joriy etish, mahallalarning tozaligi va obodligini ta’minlash, gulzor va yashil hududlarni ko‘paytirish yuzasidan chora tadbirlar belgilab olindi.
Xorazm viloyati hokimining 2021-yil 19-noyabrdagi farmoyishiga asosan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanda 2021-yilning kuz mavsumida jami 591,1 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, tumandagi umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqalari, qishloq xo‘jaligi yerlari, ihota daraxtzorlar barpo etiladigan yerlar, fermer xo‘jaliklarining ekin yer maydonlari chetlarida, korxona, tashkilot va muassasalar hamda aholi xonadonlariga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil makonga aylantirildi.
2022-yil bahor mavsumida tumanimizda jami 950 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekish belgilangan.
Muhtaram Prezidentimiz topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida mahallalardagi xonadonlarga uyma-uy kirib, ko‘chat ekish bo‘yicha aholi talabi o‘rganilganida 160 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlarga aholining talabi borligi aniqlandi.
Tuman obodonlashtirish boshqarmasi hamda tumanda ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda 20,1 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlar zaxirasi yaratilgan.
Yetishmaydigan ko‘chatlarni Farg‘ona viloyatining Quva tumanidan hamda viloyatimizning qo‘shni tumanlaridan olib kelish choralari ko‘riladi.
Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida “Hammamiz yaxshi bilamizki, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni va havoni pok saqlashga intilgan. Xalqimizda "Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketmoqda. Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas” deya ta’kidlab o‘tdilar.
Bu masalada bugun texnologiya rivojlangan, ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritayotgan, aholi soni oshib borayotgan davrda 1 gektar yerga ekilgan daraxt bir yilda 8 kg karbonat angidridni yutib olishini va 6 kg kislorod ishlab chiqarishini yoki yarim gektar yerga ekilgan daraxtlar bir avtomobilning 42 ming km yo‘l bosib chiqargan karbonat angidridini yutishini aytishimiz o‘rinlidir.
Shuningdek, kamida 10 ming donadan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ijtimoiy daftarlardagi aholiga hamda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga bepul tarqatishni reja qilib olganmiz.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas. Ushbu masalada biz faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmasak, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz.
Shu o‘rinda tumanimiz aholisidan, fermer-dehqonlarimiz va tadbirkorlarimizdan “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok qilishlarini, tumanimizning har bir qarich yeridan samarali foydalangan holda ekologik madaniyatni yaxshilashga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolaman.
Gurlan tumani hokimi Murodjon Achilov
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 629 marta