Elektron raqamli imzodan foydalanishdagi to‘siqlar bartaraf etiladi

Hayotimizda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni ortib borishi undan samarali foydalanish, qulayliklarni yaratish imkonini bermoqda.

 Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida elektron hujjatlar va elektron raqamli imzo (ERI)lardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlar kengayib borayotir. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar ketmoqda.   
 
Ta’kidlash joizki, ushbu munosabatlarni huquqiy tartibga solishda ba’zi kamchilik va bo‘shliqlar mavjud edi. Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  
 
Mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilgan normalar amaldagi elektron hujjatlar va elektron imzolardan foydalanish amaliyotini saqlab qolgan holda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga imkoniyat yaratadi.  
 
Taklif etilayotgan qonun loyihasiga vaqt shtapmi ta’rifi kiritilib, unda ERI bilan imzolangan, imzolanayotgan axborotga bevosita aloqador va imzolanayotgan hujjatning ko‘rsatilgan vaqtda mavjudligini tasdiqlovchi elektron hujjat shakli ekanligi ko‘rsatilgan.  
 
Qonun loyihasiga “ishonchli uchinchi tomon” tushunchasi ham kiritilgan. Uning yordamida O‘zbekiston Respublikasida xorijiy ERIni tan olish va O‘zbekiston ERIni chet elda tan olish funksiyalari bajarilishi ko‘zda tutilgan. Bunday xizmatning yo‘qligi boshqa davlatlar bilan transchegaraviy o‘zaro hamkorlikda ERIdan foydalanish ko‘lamini cheklashi mumkin.  
 
O‘zbekiston Respublikasining ishonchli uchinchi shaxsni aniqlash va uning faoliyatini tashkil etish tartibi ERIdan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli organ — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadi.  
 
Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi elektron o‘zaro hamkorlik ishtirokchilariga qulaylik yaratish bilan birga, ERIdan foydalanishda yuzaga keladigan to‘siqlarning oldini oladi.  
 
Majlisda qonun loyihasi deputatlarning fikrlari, munozaralaridan so‘ng qabul qilindi.  

 

Manba: uza.uz


Aprel 12, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 603 marta