Davlat xizmatlaridan foydalanishda Mobil-ID tizimi joriy etiladi

“Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–113-son, 20.04.2022 y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, fuqarolar uchun bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, 2022-yil 1-avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.

Shuningdek, shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash DXM yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali 2022 yil 31 dekabrgacha to‘lov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan esa BHMning 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Faqat moliyaviy xizmatlar bundan mustasno hisoblanadi. Bunda, fuqaroning  YaIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

Farmon bilan quyidagilar aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda Adliya vazirligining kelgusi besh yillikdagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • “Fuqaro e’tibor markazida” (Citizen – centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini modernizatsiya qilish;
  • aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish hamda ish yuritishni “qog‘ozsiz” tamoyil asosida olib borish;
  • biznes jarayonlarini modernizatsiyalash usullari (Business Process Reengineering) asosida har bir davlat xizmatini maqbullashtirish, “bir darcha” tamoyilini amaliyotga to‘liq tatbiq etish;
  • davlat xizmatlarining yangi turlarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan davlat xizmatlarini birlashtirish yoki bekor qilish;
  • jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inklyuziv muhitni yaratish;
  • davlat organlarining tashabbusi asosida proaktiv davlat xizmatlari hamda bitta so‘rov bo‘yicha o‘zaro bog‘liq kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish;
  • o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini oshirib borish.

Farmon bilan 2022-yil 1-iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Jumladan, ushbu muddatdan boshlab tibbiy faoliyat uchun litsenziya, farmasevtika faoliyati uchun litsenziya, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziya, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasini ro‘yxatdan o‘tkazish kartochkasi, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma va zargarlik buyumlarini hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarni sotish faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnomalar bekor qilinadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-iyundan 38 turdagi davlat xizmatlarini YaIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi: fuqaroning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma berish, bino va inshootlarning ijara shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sudlanganlik haqida ma’lumotnoma berish va xorijiy davlatda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish uchun ariza yuborishlar shular jumlasidandir.

2022-yil 1-sentyabrdan quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi:

  • tijorat banklari;
  • telekommunikatsiya tashkilotlari;
  • xususiy tibbiyot muassasalari;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlari;
  • sug‘urta tashkilotlari.

“Elektron hukumat” tizimi doirasida ma’lumotlarni nodavlat tashkilotlarga taqdim etuvchi Raqamli ma’lumotlar platformasi ishlab chiqiladi.

2022-yil 1-avgustdan davlat organlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali so‘rab olinganda shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektining YaIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamiga bu haqida xabarnoma yuboriladi. Davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holatlar bundan mustasno hisoblanadi.

Shuningdek, xo‘jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatishda shaxsga doir ma’lumotlar uning sub’ekti roziligi bilan “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi. Bunda, ma’lumotlar tegishli tashkilotga shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektining YaIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamidan tasdiq olingandan so‘ng “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi.

Bundan tashqari, 2022-yil 1-iyundan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar OTMga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi. Markazlarda aholi va tadbirkorlarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi joylar tashkil etiladi.


Iyun 15, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 613 marta