BOR MЕHRIMIZ BOLALARGA!
Biz bolajon xalqmiz, shuning uchun ham bor mehrimizni farzandlarimizga ulashamiz. So‘nggi yillarda bolajonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoyalash, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar farzandlari holidan xabar olish va maqsadli ko‘mak berishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash, ularni hayotga tayyorlash, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, kasb egallashlari va hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylanib bormoqda.
Gurlan tumani markazidagi “Tanho” to‘yxonasiga boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar farzandlari taklif etilib, ular uchun tuman hokimligi va saxovatpesha insonlar tomonidan Yangi yil bayrami dasturxoni yozilganligi ushbu maqsadga erishish yo‘lida amalga oshirilgan navbatdagi saxovat tadbiri bo‘ldi.
Tadbirda boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar farzandlariga bayram sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbirida ishtirokchilar tomonidan she’rlar aytildi, qo‘shiq va raqslar ijro qilindi.
Ushbu bayram tadbiri bolalarga bir olam quvonch ulashib, ularga yana bir bor beg‘ubor bolalikning shod-u-xurramligini hadya etdi.
Gurlan tuman hokimligi Axborot xizmati
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 649 marta