Aholini roʼyxatga olishni 2025-2026-yillarda amalga oshiriladi

Mamlakat fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi. Ular nafaqat Respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.

BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy koʻrsatkichlarning demografik koʻrsatkichlar bilan mutanosib ravishda oʻsib borishini taʼminlash uchun har oʻn yilda kamida bir marotaba aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan soʻng keng koʻlamda aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilmagan.

Shularni inobatga olib davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-martdagi "Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi qarori bilan tasdiqlangan "Rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʼyicha" "yo’l xaritasi"da mamlakatimizda aholini roʼyxatga olishni 2025-2026-yillarda amalga oshirilishi belgilandi.

Aholini roʻyxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qatʼiy nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni (2024-yil 1-yanvar holatiga Respublika aholisi 36 790,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati yaʼni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning taʼlim darajasi (oʻrta, oʻrta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbaalari, uysizlar soni, uy xoʻjalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha koʻrsatkichlar boʻyicha bugungi kunda yetarlicha mavjud boʻlmagan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi.

Biroq ular hali mukammal boʻlmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bogʻliq boʻlmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.

Tuman va shahar miqyosida aholini roʻyxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini roʻyxatga olish boʻlimlari tashkil etiladi.

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat oʻzimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni toʻplashga erishamiz. Aholini roʻyxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qoʻllaniladi. Keyingi oʻn yillikka moʻljallangan oilalarni qoʻllab-qoʻvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bogʻchalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

Roʻyxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi maʼlumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ragʻbatlantirishga yoʻl ochadi. Biznes vakillari roʻyxatga olish maʼlumotlari orqali mehnat hamda isteʼmol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, aholi toʻgʻrisida toʻplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.

 

Tuman statistika bo‘limi


May 10, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 155 marta