Aholini ro‘yxatga olish: uning mohiyati nimada?

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha viloyat, shahar va tumanlarida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari ko‘rilmoqda. Ya’ni ro‘yxatga olishning fundamental asoslarini yaratish - mahallalar kesimida hududlarning yangilangan xaritalarini tayyorlash, xonadonlarni raqamlashtirish, ko‘chalarga nom berish, noturar ob’ektlarning kartografik monitoringini yuritish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish tadbirining ahamiyati va zaruratini quyidagicha tushuntirib bersam. Masalan, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Buxoroda nechta ta’lim muassasasi bor, Namangan vodiysida aholi zichligi qanday va shunga o‘xshash boshqa muhim ma’lumotlar, har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shuningdek, bu tadbir aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumot olishning yagona manbai hamdir.

Xo‘sh, mazkur tadbir bizga nima beradi?

 Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.

O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

 Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e’lon qilinadi.

Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Ya’ni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratiladi. Ma’lumki ro‘yxatga olish ishlari bevosita xonadonma-xonadon yurgan holda, so‘rovnoma varaqlari asosida olib borilishi ko‘zda tutilgan.

 

S.Axmedov

Gurlan tuman statistika bo‘limi boshlig‘i


Fevral 01, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 95 marta