AHOLINI RO‘YXATGA OLISH TARIXIGA NAZAR
Odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi 3- ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan. Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan. Ularda odamlar yoki oilalar emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi o‘ringa qo‘yilgan.
Finlyandiyada XVI asrning o‘zidanoq aholi soni ro‘yxatini olib borishni boshlashgan. Davlatning maqsadi birinchi o‘rinda soliqqa tortish va harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘sha davrda Shvetsiya, o‘zining sharqiy qismi bo‘lgan Finlyandiyani qo‘shganda ham aholisi kam, kambag‘al davlat edi. Shu sababli ham yirik - yirik ma’muriy apparat va armiyani saqlab turish uchun harbiy xizmatga majbur bo‘lgan va soliqqa tortiladigan aholi va uning mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish lozim edi.
Aholini ro‘yxatida joylashgan va butun Finlyandiyani o‘z ichiga olgan axborot tarkibi o‘zining keng qamrovli ekanligi bilan ajralib turadi. Axborot bazasi mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va e’tiborga loyiq ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Fuqaro to‘g‘risidagi eng muhim ma’lumot uning ismi va familiyasi, tug‘ilgan joyi va sanasi, hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) va yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumot ham muhimdir.
XVIII asr o‘rtalaridan aholini o‘rganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Gollandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, Amerikada odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.
Aholini universal ro‘yxatga olish 1665- yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQSh da 1790- yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi. O‘shanda o‘n etti nafar politsiya xodimi mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob to‘plashdi: uy egasining to‘liq nomi, o‘n olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar soni, o‘n olti yoshdan kichik bo‘lgan ozod oq tanli erkaklar soni, ozod oq tanli ayollar soni, boshqa ozod shaxslar soni, qullar soni.O‘ttiz yil o‘tgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Fransiyada ro‘yxatga olish vaqti keldi. 1851- yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada (1871) va nihoyat Rossiyada aholi ro‘yxatga olindi.
Zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlandi. Bir qator Osiyo mamlakatlarida, shuningdek, Afrikada aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Bu yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq edi. O‘tgan asrning 70- yillarda Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda birinchi marotaba aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. XX asrning oxiriga kelib, aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.
Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897- yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980- yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989- yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 922 marta