2023-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash to‘g’risida tuman hokimi qarori
O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g’risida”gi O‘RQ 642-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish tartibi to‘g’risida”gi Nizomga asosan, tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash maqsadida
QAROR QILAMAN:
- Gurlan tumanida 2023-yil uchunijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash bo‘yicha korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Ushbu qarorning 1-ilovasida ko‘rsatilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda xodimlarning ro‘yxat bo‘yicha o‘rtacha sonidan kelib chiqqan holda 102 kishini tashkil etadigan, shu jumladan:
o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz otaga yoki onaga, shuningdek, ko‘p bolali oilalarning ota-onalari uchun 42,1 foiz, ya’ni 43 ta ish o‘rni;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablarini, kasb-hunar kollejlarini hamda texnikumlarni tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar uchun 8,8 foiz, ya’ni 9 ta ish o‘rni;
“Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari uchun 38,2 foiz, ya’ni 39 ta ish o‘rni;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Milliy gvardiyasining, Davlat xavfsizlik xizmatining qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar uchun 2,9 foiz, ya’ni 3 ta ish o‘rni; nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 1,9 foiz, ya’ni 2 ta ish o‘rni; pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun 1,9 foiz, ya’ni 2 ta ish o‘rni;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar uchun 1,9 foiz, ya’ni 2 ta ish o‘rni;
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 1,9 foiz, ya’ni 2 ta ish o‘rni kvotalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3 . Ushbu toifa shaxslar uchun ish o‘rinlari xodimlar tomonidan o‘zlarining mehnat majburyatlarini to‘siqlarsiz bajarishini ta’minlaydigan sanitariya va gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq bo‘lishi ta’minlansin, shu jumladan:
o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz otaga yoki onaga, shuningdek, ko‘p bolali oilalarning ota-onalari uchun — bolalarni tarbiyalash majburiyatlari va mehnat majburiyatlari bajarilishini birga qo‘shib olib borish imkonini beruvchi ishning moslashuvchan jadvaliga ega bo‘lgan ish o‘rinlari;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablarini, kasb-hunar kollejlarini hamda texnikumlarni tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar, shuningdek, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari, oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligiga hamda mutaxassisligiga muvofiq bo‘lgan ish o‘rinlari;
muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar uchun ularning professional tayyorgarligiga mos bo‘lgan ish o‘rinlari;
nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun — mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilgan va xodimga sog‘lig‘ining holatini hamda mehnat faoliyatiga doir belgilangan qarshi ko‘rsatmalar hisobga olingan holda mehnat majburiyatlarini moneliksiz bajarish imkonini beradigan ish o‘rinlari.
pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligiga mos bo‘lgan yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish o‘rinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar uchun - ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish o‘rinlari;
odam savdosi qurbonlari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan ish o‘rinlari xarakterli talablarga muvofiq bo‘lgan mehnat sharoitlarini ta’minlaydigan ish o‘rinlari tashkil qilinsin.
- Tashkilotlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5- dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarga ko‘rsatilgan ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minlasinlar.
- O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 31-mayda ro‘yxatga olingan, ro‘yxat raqami 3163) buyrug’iga asosan subsidiya ajratib berish tartibi bo‘yicha ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida haq to‘lash belgilanganligi inobatga olinsin.
- Ushbu qarorning birinchi ilovasida ko‘rsatilgan korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilingan kasb va lavozimlar tashkil qilinsin.
- Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun ish o‘rinlarini band qilib qo‘yish bo‘yicha mazkur qaror ijrosini bajarmagan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning mansabdor shaxslariga O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g’risida”gi kodeksiga ko‘ra ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
- Gurlan tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi besh kun muddatda ushbu qarorni 1-ilovada ko‘rsatilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlari e’tiboriga yetkazsin.
- Ushbu qaror 2023-yil 1-yanvardan kuchga kirishi munosabati bilan tuman (shahar ) hokimining 2021-yil 30-sentabrdagi 104-12-171-Q/21-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- Tuman hokimining axborot xizmati rahbari O.Jabberganov mazkur qarorni tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirsin.
- “Gurlan hayoti” gazetasi F.Abdullaevga ushbu qarorning mazmun mohiyatini gazeta nashrlarida e’lon qilish topshirilsin.
- Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Davlatov va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori N.Xaytimmetova zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi v.v.b U.Davlatov
Tuman hokimi qarorini ko'rish (Yuklab olish)
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 469 marta