18 YOSHGACHA BO'LGANLAR UCHUN YAGONA BOLALAR NAFAQASI JORIY ETILADI
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 avgustdagi “Kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatish hamda kambag'allik bilan kurashish ko'lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6277-sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to'lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o'rniga kam ta'minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi. Bunda, bolalar nafaqasini tayinlashda:
inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
to'lov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;
uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qo'llaniladi;
b) yakka-yolg'iz bo'lgan fuqarolarga, farzandi bo'lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo'lgan kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
-2021 yil 1 sentyabrdan boshlab bolalar nafaqasi va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam to'lovlarining quyidagi miqdorlari belgilandi:
a) bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
250 000 so'm — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bitta farzandi uchun, 325 000 so'm — yoshi 3 yoshgacha bo'lgan bitta kichik farzandi uchun;
150 000 so'm — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo'shimcha;
100 000 so'mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
b) kam ta'minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 380 000 so'm.
Bunda, 2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to'lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordamni to'lash muddatlari tugaguniga qadar, mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni to'lash muddatlari saqlab qolinadi.
Pensiya jamg'armasi bo'lim boshlig'i: S.Sabirov
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 1015 marta