“Men ham harbiy bo‘laman” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 22-dekabrda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi hamda joriy yil 12-yanvarda Xavfsizlik Kengashi yigʻilishlarida yoshlarimizni milliy gʻurur, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, kitoblar nashr qilish va yangi kinofilmlar yaratish masalasini ilgari surgan edi.

Shunga asosan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan harbiy oʻquv yurtlari, “Temurbeklar maktabi”, “Jaloliddin Manguberdi” akademik litseylari, umumtaʼlim maktablardagi “Vatan tayanchi” dasturi oʻquvchilari hamda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askarlarga oʻquv-qoʻllanma sifatida “Men ham harbiy boʻlaman” kitobi nashrga tayyorlandi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Gurlan tuman bo‘linmasi  tomonidan tumandagi barcha mahallalardagi umumta’lim maktablarida “Men ham harbiy bo‘laman” deb nomlangan kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot tadbirida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Gurlan tuman bo‘linmasi rahbari M.O‘razbayeva mazkur kitob mazmuni va ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritdi.

Kitobning birinchi qismida Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston tarixida harbiy ish, qurollanish sohasi va mudofaa tizimi, harbiy ish tarixining oʻziga xos jihatlari, Vatan uchun olib borilgan janglar, jasorat mavzusi qatorida Yevropa xaritalarida ilk bor oʻzbek zamini va oʻzbek davlati tushunchalari qayd etilishi koʻrsatib berilgan. Ikkinchi qismda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tarixi, Mudofaa doktrinasi mazmun-mohiyati tushunarli, sodda va ixcham shaklda aks ettirilgan. Unda tarix bilan bugungi kun hamohang ekanligi, zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilgani, jumladan QR kodlarni mobil qurilmadan foydalangan holda o‘qish va video tasvirlarni ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Ushbu kitob-albom milliy tariximiz, ajdodlarimizning jangovar ruhi, Vatanga muhabbat, milliy davlatchiligimiz bosib oʻtgan shonli yoʻl haqidagi qimmatli maʼlumotlar jamlangani, shu bilan birga, milliy armiyamizning rivojlanish jarayonlarini yaxlit ifoda etishi, tarixiy fotomateriallar bilan boyitilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur kitob o’quvchilarda vatanparvarlik tuygʻularini yanada chuqur his qilishga undashi bilan katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Gurlan tuman boʻlinmasi rahbari             M.Oʻrazbayeva


Oktabr 24, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 282 marta