Sudlarda ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga xizmat qiluvchi qonunlar ma’qullandi

2023-yilning 27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati yalpi majlisida sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq to‘rtta qonun muhokama qilindi.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish belgilanmoqda.  

Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sudlar vakolatiga o‘tkazilmoqda.  

Sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi kiritilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodekslariga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda taftish instansiyasida ish yuritish tartibi batafsil yoritilmoqda.  

Yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanmoqda.

Shu bilan birga, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.  

 

Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi                                                         M.Bobonazarov


Noyabr 24, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 80 marta