“Yangi Oʻzbekiston” universiteti talabalari dunyoning birinchi raqamli oliygohida amaliyot oʻtashadi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Massachusetts texnologiya instituti MIT J-WEL bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

Muloqot yakunida ikki tomonlama kelishuv imzolandi. Unga koʻra “Yangi Oʻzbekiston” universiteti MIT J-WEL ning Markaziy Osiyodagi eng yaqin strategik hamkori sifatida eʼtirof etildi. Endilikda universitet talabalari dunyoning eng nufuzli oliygohida amaliyot oʻtash va malaka oshirish imkoniga ega boʻladi.

Bunda talabalar MIT professor-oʻqituvchilari tomonidan tashkil etiladigan darslarda ishtirok etishlari, ilmiy tadqiqotlar olib borishlari, oʻz loyihalarini yanada rivojlantirishlari va MIT laboratoriyalarida eksperimentlar oʻtkazishlari mumkin boʻladi. Loyihaning yana bir afzalligi shundaki, talabalar MIT da tahsil oladigan tengdoshlari bilan yaqin aloqalar oʻrnatib, doimiy tajriba almashib borishadi.

Umuman, hamkorlik munosabatlari taʼlim sifati hamda professor-oʻqituvchilar salohiyatini yanada oshirish, talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratish va “Yangi Oʻzbekiston” universitetining xalqaro maydondagi obroʻyini mustahkamlashga xizmat qiladi.


May 01, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 51 marta