Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tizimi yanada soddalashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-iyunda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 331-son qaroriga asosan 2020- yil 25- martda “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga (keyingi o'rinlarda - Nizom) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, subsidiya ajratish tizimi yanada soddalashtirildi.

Nizomning avvalgi tahriri 10-bandi kichik bandlarida keltirilgan quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi:

a) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari;

b) oila a’zolarining (jismoniy shaxsning) shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar bor bo‘lgan taqdirda) nusxalari;

v) belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to‘g‘risida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);

g) doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma’lumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);

d) doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);

e) ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (qo‘shimcha daromadlar bo‘lsa soliq deklaratsiyasi).

Shuningdek, Nizomning 15-bandida, mas’ul tashkilotlar yetti ish kunida (avvalgi tartib bo‘yicha o‘n ish kunida) ariza beruvchininng ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqishi va yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn elektron shaklda tasdiqlashi;

19-bandida, tuman (shahar) hokimlari va komissiya tarkibiga kiritilgan har bir tashkilot va idora rahbarlari komissiyaning samarali va qonuniy faoliyat olib borishi yuzasidan shaxsiy javobgar hisoblanishi;

Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari hisobot oyidan keyingi oyning 5- kunidan kechiktirmagan muddatda komissiya tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish holati bo‘yicha tuman (shahar) hokimlariga tizimli ravishda ma’lumot kiritib borishi;

31-bandida, uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya ajratilganligi yoki rad qilinganligi to‘g‘risida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza beruvchiga “SMS” xabar yuborish tizimi joriy etilganligi;

33-bandida, subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomada talabgorga davlat byudjetidan ajratiladigan boshlang‘ich badal subsidiyasining qat’iy belgilangan miqdori va ipoteka kreditining bir qismini to‘lab berish bo‘yicha subsidiya ajratilishi ko‘rsatiladi hamda ipoteka kreditini ajratish tijorat banklari tomonidan ko‘rib chiqilishi va ushbu xabarnoma kredit ajratilishini kafolatlamasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

34-bandida, quyidagi hollarda ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladi (avvalgi tartibda rad etilishi mumkin deb ko‘rsatilgan):

a) taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan mu’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

b) taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;

v) mas’ul tashkilotlar xulosalariga asosan jami 30 dan past ball to‘plaganda;

g) ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiya olgan (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdidrda ham) oila a’zolari (eri, xotini) takroriy murojaat etganda;

d) joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugagandi;

e) ariza beruvchi va/yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori;

Toshkent shahrida – MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 9,2 baravaridan yuqori bo‘lganda.

38-bandida, ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra 30 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin joriy yil uchun belgilangan subsidiya soni tugaganda, talabgorlarga rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi (avvalgi tartib bo‘yicha keyingi yil uchun subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga avtomatik ravishda kiritilishi belgilangan).

40-bandida, joriy yil uchun hududga ajratilgan subsidiya soni tugagan taqdirda, dasturiy ta’minot tizimida arizalar qabul qilinishi avtomatik ravishda to‘xtatilishi belgilandi.

Shuningdek, subsidiya taqdim etishning manzilliligini va haqiqiy muhtoj oilaga yetib borishini ta’minlash maqsadida baholash tizimida faqat oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘i va turmush qurmagan farzandlari) daromadlarini inobatga olish va baholashda ijtimoiy mezonlar asosida tijorat banklari tomonidan xulosa berilmasligi inobatga olinib, tijorat banklarining tizimdagi ishtiroki tugatildi.

Nizomda baholash natijalarini komissiya yig‘ilishi bayonnomasi bilan rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinganligi sababli komissiya yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan bandlar chiqarib tashlandi.

Endilikda juda ko‘p fuqarolarimizning subsidiya olishidagi ovoragarchiliklar va tushunmovchiliklariga barham beriladi hamda uy-joyga ega bo‘lish imkoniyati oshadi.

 

Gurlan tumani iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari                                        A.Jumatov


Iyun 24, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 1814 marta