Respublikadagi aholi va ijtimoiy soha isteʼmolchilarini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar

Bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi gaz ishlab chiqarish korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, taqsimot asosida ajratilgan resurslar doirasida Respublikadagi aholi va ijtimoiy soha obyektlariga kundalik turmushda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazi bilan taʼminlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-son qaroriga koʻra maishiy ehtiyojlar uchun isteʼmolchilarga sotiladigan suyultirilgan gazning imtiyozli narxi 1 kg uchun 1120 soʻm qilib belgilangan. Bugungi kunda suyultirilgan gaz taʼminoti tizimining barqaror ishlashini taʼminlash hamda isteʼmolchilarning roziligiga erishish yoʻlida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan barcha zarur choralar koʻrilmoqda, jumladan:

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5 oktyabrdagi ““Raqamli Oʻzbekiston- 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-sonli farmonida belgilangan topshiriqlar asosida Jamiyatimiz tomonidan isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish va hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan “E-gaz” dasturi joriy etildi.

- Respublika boʻyicha maishiy gaz ballonlar orqali suyultirilgan gaz bilan taʼminlanayotgan 3,7 mln isteʼmolchilar maxsus ID kartalar taʼminlandi hamda foydalanishdagi 4,7 mln dona maishiy gaz ballonlarga maxsus stikerlar biriktirildi. Barcha isteʼmolchilar roʻyxati shakllantirilib “E-gaz” avtomatlashtirilgan dasturiga kiritildi. Ushbu dastur orqali isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish hamda elektron toʻlovlarini amalga oshirish tizimi yaratilib, elektron toʻlovni amalga oshirishda isteʼmolchi oʻziga berilgan ID-kartasini mablagʻ bilan toʻldirish uchun respublikada faoliyat yuritayotgan elektron toʻlov tizimlari Paynet, Payme, Click, Uzum ilovalari orqali kunning istalgan vaqtida yoki bank shoxobchalariga tashrif buyurgan holda amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan. Natijada, isteʼmolchilar suyultirilgan gaz uchun toʻlovlarni istalgan toʻlov tizimlari orqali amalga oshirishlari va suyultirilgan gaz hajmlari yetkazib berilgandagina ID-kartalari yordamida toʻlov qilish imkoniyati yaratilgan boʻlib, ushbu tizimning joriy etilishi tufayli har bir isteʼmolchi tomonidan suyultirilgan gazdan toʻgʻri va samarali foydalanish toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotni oʻz vaqtida olish, bu esa taʼminotchi va isteʼmolchi oʻrtasida naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish, shu bilan birga tizimdagi baʼzi nopok xodimlar tomonidan mahsulot narxlarining sunʼiy ravishda oshirilishining oldi olindi.

Gaz ballonlarini yetkazib berish muddati 35–45 kunni tashkil etadi. Isteʼmolchilarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida, maishiy gaz ballon tashuvchi jami 840 ta maxsus avtotransportlarga yetarli darajada “aylanma tara” sifatida maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlanib, bunda isteʼmolchilarning manziligacha birdaniga toʻldirilgan maishiy gaz ballon yetkazilishi, shu bilan birga yetkazib beriladigan mahsulotni vaznini oʻlchab olish imkoniyatini yaratish maqsadida barcha avtotransport vositalari elektron nazorat tarozisi bilan jihozlangan boʻlib, har bir mahalla fuqarolar yigʻinlarida maishiy gaz ballonlarni oʻlchab koʻrsatgan holda targʻibot va tashviqot ishlari olib borish yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari olib borilayotgan ishlarni mahalliy OAVlarda va aholi orasida targʻibot-tashviqot ishlari olib borish jarayonlarida keng tushuntirishlar berib borilmoqda.

Hurmatli isteʼmolchilar, suyultirilgan gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolar hamda xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzaga kelganda isteʼmolchilar toʻgʻridan-toʻgʻri tuman gaz taʼminoti boʻlimi dispetcherlik xizmati, murojaatlarni roʻyxatga oluvchi 1104 (24/7) raqamli “Call-centre” operatorlari, Jamiyatning (71) 202-11-04 (24/7) raqamli “Ishonch telefoni” yoki Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi “Gaz taʼminoti muammolar va ularni hal etish yoʻllari” guruhiga murojaat qilishlari, shuningdek huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat etishingiz mumkin.

Respublika boʻyicha rejalashtirilgan ishlarni oʻz muddatida va sifatli bajarilishini hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ustidan nazorat tizimini yaratish boʻyicha “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha choralar koʻrilmoqda.

 

Manba:Hududgaz.uz

 


Dekabr 15, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 61 marta