Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Gurlan tumani hokimidan norozi ayol Prezidentga murojat yubordi” (Sarlavha tahrirsiz berildi) nomli videomurojaat tarqaldi.

Ushbu holat bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida Gurlan tumani hokimining 2015-yil 29-iyundagi “Gurlan shaharchasi, U.Nosir ko‘chasi, 18-uyga nisbatan (marhum) Qo‘shimbetov Masharipning egalik huquqini belgilab, egallab turgan yer maydonini biriktirib ajratib berish to‘g‘risida”gi 891-son qarori qabul qilingan, unga ko‘ra umumiy yer maydoni 1027,5 kv.metrni tashkil etganligi aniqlandi.

Ushbu asosda Gurlan tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarial idorasi tomonidan 2021-yil 26-yanvarda berilgan “Qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida”gi guvohnomaga asosan Gurlan tumani, U.Nosir ko‘chasi, 18-uyda joylashgan (marhum) Q.Qo‘shimmetovga qarashli bo‘lgan turar joy binosiga nisbatan fuqarolar M.O‘razboyeva va J.Masharibovlar merosxo‘r ekanliklari tasdiqlangan.

Shuningdek, qo‘shnisi (avtobekat egasi) X.Norimmatovga tegishli hujjatlar ko‘zdan kechirilganda, 2022-yil 5-fevralda D.Sobirovadan Norimmatov Xudoybergan Komil o‘g‘liga 72,0 kv.metr bo‘lgan avtobekat binosi 7-son oldi-sotdi shartnomasiga asosan rasmiylashtirilganligi, 2022-yil 8-fevralda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, kadastr pasporti shakllantirib berilganligi aniqlandi.

Shuningdek,        Gurlan tumani qurilish bo‘limi tomonidan 2022-yil 17-fevralda 1733208-36721-son obyektni rekonstruksiya qilish bo‘yicha tegishli ruxsatnoma berilgan. Ruxsatnomada avtobekat binosini rekonstruksiya qilishda Xorazm viloyati avtomobil yo‘llardan foydalanish hududiy boshqarmasidan tegishli xulosa olishni hamda mazkur avtobekat binosini bir qavatdan oshirmaslik hamda SHNQ 2.07.01.03* shartlariga qat’iy amal qilish shartlari nazarda tutilgan.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2022-yil 22-aprelda 1733208-41183-son arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilib, tegishli tartibda loyiha hujjati ishlanib, arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2022-yil 30-iyuldagi 50474-son xulosasi olingan.

Viloyat va Gurlan TYFUKning 2022-yil 7-apreldagi 107-son texnik shartiga ko‘ra mavjud eski obyektni zamonaviy tipdagi avtobekatga o‘zgartirish vaqtida me’yoriy o‘lchamlarga rioya qilinishi, qo‘shimcha qatnov qismi uchun 3,75 metr, avtobuslar to‘xtash joyi uchun 3,75 metr, piyodalar yo‘lakchasiga 1,55 metr, yo‘lovchilar turish maydonchasi uchun 3,0 metr qoldirilib, yo‘l chetidan jami 12,05 metr masofadan keyin avtobekat qurilishini amalga oshirish belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida ushbu masala yuzasidan fuqaro Urazbayeva Mastura oldin ham turli tashkilotlar orqali bir necha marotaba murojaat qilgan va fuqaro bilan uchrashib huquqiy tushuntirishlar berilgan. Murojaati yuzasidan tegishli tartibda javob xatlari yuborilgan.

Yuqoridagi holatlar inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ning 89-moddasiga asosan yer xususidagi o‘zaro nizolar sud tartibida ko‘rilishi belgilanganligini ma’lum qilamiz.

 

Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati


Mart 28, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 260 marta