O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida AXBOROT

Joriy yil 10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisini 2022 yil 17 mart kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferentsaloqa shaklida ikki kun davomida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlis doirasida bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Inson a’zolari va to‘qimalarining  transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan  O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.

Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi, ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining  davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari eshitilishi ham rejalashtirilgan.

Senatorlar tomonidan qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib  chiqish nazarda tutilgan.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2020-2021 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.

Shu bilan birga, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalalarini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, Senat Kengashining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga asosan tayinlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga muvofiq ro‘yxatga olingan senatorlar Zulayxo Baxriddinovna Maxkamova va Gulnora Maxmudovna Marufova Senatning tegishli qo‘mitalari a’zolari etib saylandi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Mart 10, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 544 marta