Iqtisodiy sud qanday asoslarga ko‘ra sud muhokamasini keyinga qoldirishi mumkin?

Sud ishlarini ko‘rishda protsessual muddatlar muhim o‘rin tutadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksidagi normalar protsessual muddatlarga ratsional yondashishni talab qiladi.

Kodeksning 171-moddasida esa sud muhokamasini keyinga qoldirishning asoslari sanab o‘tilgan.

Unga ko‘ra, sud kutilmagan va favqulodda holatlarda ishni sud majlisida ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, shu jumladan:

tarafning iltimosnomasi bo‘yicha, u nizoni kelishuv yo‘li bilan hal qilish maqsadida suddan ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan taqdirda;

agar sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs sud majlisiga kela olmasligi sabablarini asoslagan holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilgan bo‘lsa va basharti ushbu shaxsning ishtirokisiz ishni ko‘rish mumkin bo‘lmasa;

ishda ishtirok etuvchi shaxsning o‘z vakili sud majlisiga uzrli sababga ko‘ra kela olmaganligi munosabati bilan qilgan iltimosnomasi bo‘yicha;

sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi, agar sud ishni ushbu shaxsning ishtirokisiz ko‘rish mumkin emas deb hisoblasa, kelmagan taqdirda;

tarafning qo‘shimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bog‘liq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi bo‘yicha;

sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilayotganda videokonferensaloqa o‘rnatish imkoni bo‘lmagan taqdirda;

sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi kelmagan va ko‘rsatilgan shaxsning sud muhokamasining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinganligi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni ishga daxldor bo‘lgan javobgar bilan almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda;

nizoli huquqiy munosabatdan chiqib ketgan tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda;

ikkinchi javobgarni yoki uchinchi tarafni ishda ishtirok etish uchun jalb etish zarur bo‘lgan taqdirda sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.

Sud muhokamasi uni keyinga qoldirishga asos bo‘lib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan muddatga ushbu Kodeksda sud muhokamasi uchun nazarda tutilgan muddat doirasida, biroq ko‘pi bilan o‘n kunga qoldirilishi mumkin. Sud muhokamasini keyinga qoldirishlar soni uch martadan oshmasligi kerak.

171-moddaga qaralsa, sud 10 ta holatda sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli ekanligi anglashiladi. Ammo amaliyotda, sud majlisida taraflar (vakillari) quyidagi holatlarda ham sud muhokamasini keyinga qoldirishni so‘rab sudga murojaat qilishadi:

- advokat xizmatidan foydalanish uchun muhlat berishni so‘rab;

tarafning yoki uning vakili (advokat) ish hujjatlari bilan tanishish yoki ish hujjatlaridan ko‘chirma yoxud fotonusxa olishni so‘rab.

Bundan tashqari, ishni ko‘rish davomida, xususan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, fikrlari, xulosa yoki iltimoslariga hamda ishdagi holatlar va dalillarga asosan ayrim toifadagi ishlarni joyning o‘ziga chiqib sayyor sud majlisida ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.

Tabiiyki, bu ham ishning odilona, har tomonlama chuqur o‘rganib ko‘rilishi uchun sud muhokamasini keyinga qoldirib ko‘rishni taqozo qiladi.

Ammo mazkur normalar bugungi kodeksning 171-moddasida mavjud emas.

Shu sababli ham, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksning 171-moddasining 1-qismiga quyidagi xatboshilarni kiritish tavsiya qilinadi:

- tarafning iltimosnomasi bo‘yicha, u advokat xizmatidan foydalanish uchun muhlat berishni so‘rab murojaat qilgan taqdirda (yangi uchinchi xatboshi);

- tarafning yoki uning vakili – advokatning iltimosnomasi bo‘yicha, u ish hujjatlari bilan tanishish va yoki ish hujjatlaridan ko‘chirma yoxud foto nusxa olishni so‘rab murojaat qilgan taqdirda (yangi – to‘rtinchi xatboshi);

- ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra yoxud sud tomonidan sud muhokamasini nizoli hududda sayyor sud majlisida ko‘rib chiqish lozim deb to‘xtamga kelinsa (yangi – o‘n uchinchi xatboshi).

Ushbu ojizona takliflarimiz jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga, shuningdek, iqtisodiy sudlovni amalga oshirishdagi protsessual normalarni yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, ularning protsessual qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilishi fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy huquq-manfaatlarining qonun yo‘li bilan yanada keng qamrovli himoya qilinishini ta’minlaydi.

 

Shovot tumanlararo iqtisodiy sudi raisi                                   Bahrom Hayitboyev     


Avgust 16, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 376 marta