Ijtimoiy tarmoqlarda qolipli non narxi bo‘yicha tarqalayotgan xabarlar bo‘yicha munosabat

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qolipli non narxi bo‘yicha tezkor o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra Toshkent shahrida eng yuqori - 2800 so‘m, Qashqadaryoda viloyatida eng past – 1650 so‘m, respublika bo‘yicha o‘rtacha narx esa 2250 so‘m ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, un mahsuloti joriy yil iyun oyidan boshlab birja savdolariga yetarli miqdorda qo‘yilmoqda va bu jarayon ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Respublikada un mahsuloti zahirasi shakllantirilgan bo‘lib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda un savdolarga qo‘yib boriladi.

Xususan, joriy yil iyun oyida 170 ming tonna un birjaga qo‘yilishi, bunda har bir non ishlab chiqaruvchi uchun teng sharoit yaratish maqsadida kichik lotlarda (3 tonnadan) qo‘yilmoqda. Joriy yil 1 iyun holatida 50,5 ming tonnadan ortiq un mahsuloti qoldig‘i mavjud bo‘lib, avgust oyi uchun ham un ishlab chiqarish uchun korxonalarda zarur don zaxiralari mavjud.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinishi, birinchi navbatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar manfaatini ko‘zlab qilingan qadam bo‘lib, ushbu jarayonda shaffof tizim yaratilishi bilan birga, respublikaning eng chekka hududlariga ham mahsulotning yetib borilishi nazoratga olingan.

Shuni e’tiborga olib, non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hamda aholidan bu borada havotirga tushmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan asoslanmangan ma’lumotlarga ishonib, sun’iy ajiotaj vujudga keltirmasliklarini so‘rab qolamiz. 

Hurmatli iste’molchilar! Bozorda sun’iy tanqislik yuzaga kelishi va narxlarning keskin oshib ketish holatlarini kuzatganingizda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ishonch telefoniga (71-207-47-00), Qo‘mita huzuridagi Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi Call-markaziga (1159 qisqa raqam) yoki Qo‘mitaning axborot xizmatiga (71) 207-47-00 (ichki 224) murojaat qilishingiz mumkin.


Iyun 01, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 470 marta