Gurlan tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i O‘razbaev Alisher Odilbekovichning hisoboti va tadbirkorlarga murojaati

Assalomu alaykum, hurmatli soliq to‘lovchi tadbirkorlar!

 Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16-mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi davomida sohani takomillashtirish, xususan, soliq tizimini raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.

2022-yil iyun oyi davomida viloyat Davlat soliq boshqarmasi hamda Gurlan tuman DSI ning mutaxassislari tomonidan tumanda jami 4 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, qariyb 550 ta tadbirkorlik subyektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Agar sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 22 nafar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 21 nafar, qurilish korxonalarida 9 nafar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi 68 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi va byudjetga 18,5 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.

Aytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytirish maqsadida soliq ma’muriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. Xususan, 2020-yilda yangi “Soliq kodeksi” qabul qilindi.

Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mulk solig‘i esa 5 foizdan 1,5 foizga tushdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Natijada tumandagi tadbirkorlarning ham islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari tumanda 1,4 baravar ko‘paygan.

To‘g‘risi, soliqchilar yaqin paytgacha faqat soliq yig‘ish bilan shug‘ullanib kelgan. Prezidentimizning 2021-yil 4-oktyabrdagi qaroriga asosan, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirish hamda yashirin iqtisodiyot hajmini qisqartirish maqsadida xarid summasidan 1 foiz miqdorda keshbek qaytarish mexanizmi joriy etildi. Agar chek 100 ming so‘mga urilgan bo‘lsa, 1000 so‘m fuqaroning hamyoniga tushadi. Ya’ni, 1 foizi qaytariladi.

Bugungi kunda tumanimizda 728 tadan ortiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan 857 ta onlayn-NKM va virtual kassa davlat soliq xizmati organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan 13,2 millionta chek onlayn ravishda ma’lumotlar bazamizga kelib tushgan.

Ma’lumki, har bir tadbirkorlik nuqtasi mahsulot sotsa QR kodi bo‘lgan fiskal chek berishi shart. Agar ular bunday chekni bermasa yoki plastik kartada savdo qilishni istamasa, xaridor do‘konda tortishib o‘tirmay, bu haqda “Soliq hamkor” tizimi orqali xabar berishi mumkin. Albatta, bunda murojaat qanchalik asosli ekanligi jiddiy tekshiriladi. Qoidabuzarlik holatlari tasdiqlangan taqdirda murojaatchi — soliq hamkor orqali undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.

Joriy yilning aprel mobaynida “Soliq hamkor” dasturi orqali Gurlan tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan bog‘liq soliq huquqbuzarliklari to‘g‘risida jami 108 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 5 ta murojaat turli xil sabablarga ko‘ra rad qilingan. Ularning 103 tasida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, savdo qoidalari buzilayotganligi tasdiqlandi. Bugungi kunga qadar murojaatlari o‘z tasdig‘ini topgan 76 nafar fuqarolarning bank plastik kartasiga 38,0 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

“Soliq hamkor” dasturi orqali kelib tushayotgan murojaatlar dastlab soliq xodimlari tomonidan yaxshilab o‘rganib chiqiladi, agarda rad qilish uchun asos bo‘lsagina rad qilinadi.

O‘rganish jarayonida murojaatda qayd etilgan holat isbotlangan taqdirdagina ushbu holat yuzasidan qonunchilik doirasida choralar ko‘rilishi mumkin. Murojaat isbotlanmasa, hech qanday chora ko‘rilmaydi.

Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan asossiz tadbirkorlik faoliyatiga aralashish, noqonuniy tekshirish o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Gurlan tuman Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari soliq sohasiga oid barcha savollaringizga javob berish, tushuntirish va “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyili asosida Sizga yaqindan yordam berishga doimo tayyordirlar.


Iyul 05, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 407 marta