GURLAN TUMANI HOKIMI MURODJON ACHILOVNING 8 MART – XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Avvalambor, barchangizni siz va sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman. 

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yеr yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Aziz va muhtarama opa-singillar!

Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotidagi barcha sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.

Hech kimga sir emas, ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayz-u farishtasi ekani haqida tariximizda ulug‘ mutafakkirlar, shoir-u allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar.

Bu haqda gapirganda, avvalo, payg‘ambarimizning “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir” degan hadislarini yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqadddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.

Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan Siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin.

O‘zingizga ma’lum, muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, ularning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, bir so‘z bilan aytganda, ayollarni jamiyatimizning teng huquqli, faol va bunyodkor a’zosiga aylantirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirib kelyapmiz.
Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek,  “Yurtimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”, degan ezgu qarash hayotimiz qoidasiga aylanishi uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak. 
Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha opa-singillarimiz, qizlarimiz, mo‘tabar onalarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun bundan buyon ham barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.”

Hozirda respublikamizda xotin-qizlarning siyosiy va huquqiy saviyasi, ijtimoiy faolligi tobora ortib borayotganini jamiyatning barcha jabhalarida – sud-huquq tizimida, nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy tuzilmalar faoliyatida, umuman, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida yaqqol kuzatish mumkin.

Qadrli yurtdoshlar!

Ayol bu – eng avvalo, ona deganidir! Ana shu haqiqatni anglagan holda, yurtimizda xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy va ma’naviy jihatdan yеtuk yosh avlodni voyaga yеtkazishga qaratilgan dasturlarimiz bugungi kunda o‘zining ulkan samarasini bermoqda. Bu borada siz – mehnatsevar opa-singillarimizning fidokorona xizmatlaringizni hurmat bilan tilga olamiz.

Qadrli onaxonlar, opa-singillar!

Fursatdan foydalanib, sizni va siz orqali barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni go‘zallik va nafosat ayyomi  bo‘lgan  8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Sizlarga sihat-salomatlik, uzoq umr, oilaviy baxt, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Nafosat va go‘zallik Sizlarni hech qachon tark etmasin. 

Bahor va baxt ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Murodjon Achilov
Gurlan tumani hokimi


Mart 07, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 891 marta