Arbitraj sudida ko‘rilayotgan da’voni ta’minlash choralari iqtisodiy sud tomonidan ko‘rilishi mumkin

“Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi O‘RQ-769-sonli Qonuni qabul qilindi.

Qonun bilan  Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kodeksga arbitr tushunchasi kiritilib, arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlar, jumladan, arbitrni tayinlash, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlar muhokamasi ko‘rilishi belgilandi.

Shuningdek, arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasining xodimlari, hakamlik sudyalari – arbitraj yoki hakamlik muhokamasi davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida guvoh sifatida chaqirilishi va so‘roq qilinishi mumkin emasligi belgilandi.

Endilikda arbitraj sudida ko‘rilayotgan da’voni ta’minlash choralari arbitraj muhokamasi tarafining arizasiga ko‘ra iqtisodiy sud tomonidan ko‘rilishi mumkin.

Qonun bilan arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni yuritish tartibi belgilandi.

Shuningdek, Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi arizalardan BHMning 2 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

 

Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi                                      M.Kurbanov


Iyun 14, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 469 marta