2024-yilning 16-18 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishiga ko‘ra, Respublikada “Navruz” umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigienik madaniyatni targ‘ib qilish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 16-18 mart kunlari “Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.

Xayriya hasharini o‘tkazish doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

“Mahallamga 10 tup daraxt - mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda iqlim sharoitiga mos hamda sug‘orish tizimini hisobga olgan holda daraxt ko‘chatlari ekish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari (mahalliy byudjetlar daromadlarining choraklar yakunlari bo‘yicha aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizidan tashqari), homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali aholiga bepul ko‘chat tarqatish va daraxt ekish ishlarini tashkil etish;

aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvariщ qilish hamda bog‘larni ko‘kalamzorlashtirish, ushbu hududlarda daraxtlar ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga aholining band bo‘lmagan qatlamini ixtiyoriylik asosida jalb qilish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;

mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;

obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlash;

joylarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish jarayonida to‘plangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta’minlash.

Farmoyishda avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, kirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘ligiga xavf tug‘ilishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish mumkin emasligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zA


Mart 07, 2024
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 220 marta