2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

2019-2021-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlashda innovatsion va texnologik rivojlanishni ta’minlash va rag‘batlantirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Xususan:

respublikamiz 81 ta indikator bo‘yicha baholanadigan Global innovatsion indeksi reytingida 2015-yilga nisbatan 36 ta pog‘onaga ko‘tarildi;

innovatsiya va ilm-fan sohalariga Davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmi 2018-yilga nisbatan 3 baravarga oshirildi va 1,5 trillion so‘mga yetkazildi;

yosh olimlar 2018-yilda 6,5 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda ularning soni 10,8 ming nafarni tashkil etdi, ya’ni bir yarim baravarga o‘sdi;

oxirgi 4 yilda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus institutlar (innovatsion jamg‘armalar, venchur tashkilotlar va boshqalar) soni 28 taga yetkazildi;

2018-yildan boshlab har yili o‘tkazilayotgan Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi – “Innoweek.uz” xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes-inkubatorlarni bir maqsad yo‘lida jamlovchi innovatsion texnologiyalar platformasiga aylanmoqda.

Shu bilan birga, iqtisodiyotning real sektorida ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasi, ilm-fan, ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari nisbatan past bo‘lib qolmoqda.

Respublikada innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish maqsadida:

  1. 2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi(keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlarietib quyidagilar belgilansin:

innovatsion infratuzilma sub’ektlari (innovatsion texnologik park, texnologiyalar transferi markazi, innovatsion klaster, venchur tashkiloti, innovatsiya markazi, startap akselerator, inkubator) tarmog‘ini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni (kapital yaratish) tashkil etish;

innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish;

kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal o‘sishini ta’minlash;

yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalar yaratishning g‘oyadan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan kompleks tizimini ta’minlash orqali innovatsiyalarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish;

yaratilgan kapitalni “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga qayta yo‘naltirish tizimini shakllantirish;

ta’limning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyat boshqaruvida inson kapitalini yanada rivojlantirish.

Belgilansinki, Strategiya erishilgan natijalar va maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha tegishli asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, 2024-yildan boshlab alohida-alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

  1. Quyidagilar:

2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq;

2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirishning hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Belgilansinki:
  2. a) Maqsadli ko‘rsatkichlar, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:

innovatsion faoliyat sub’ektlari (sanoat ishlab chiqarish tashkilotlari) sonini 613 tadan 2 250 tagaчa yetkazish;

innovatsion infratuzilma sub’ektlari (texnoparklar, texnologiyalar transferi markazlari, innovatsion klasterlar, venchur tashkilotlar, innovatsiya markazlari, biznes-inkubatorlar va akseleratorlar) sonini 3 baravarga oshirish;

innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari sonini 4 baрavaргa oshirish;

ichki va tashqi bozorlarda tijoratlashtirish natijasida yaratiladigan yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 baрavaргa oshirish;

  1. b) Strategiyani hududlar kesimida amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:

hududdagi innovatsion markazlar sonini 494 tagacha yetkazish;

texnologik innovatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi mahalliy sanoat korxonalari sonini 600 tagacha yetkazish;

hududlarda yaratiladigan yangi texnologiyalar sonini 384 tagacha oshirish;

hududlarda yillik ro‘yxatga olingan patentlar sonini 184 tagacha yetkazish;

xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy, innovatsion va texnologik loyihalar sonini 183 tagacha oshirish;

innovatsion startaplar sonini 1 437 tagacha yetkazish.

  1. 2022-yil 1-avgustdan boshlab innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishda “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta’lim tashkilot”zanjirining quyidagilarga asoslangan yaxlit tizimi joriy etilsin:

hududiy tarmoq tashkilotlari innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyoj(lar) portfelini ishlab chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalariga taqdim etadi;

Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalari tarmoq muammolarining ilmiy yechimini ta’minlash bo‘yicha ijrochi ilmiy/oliy ta’lim tashkilotini (innovatsion spin-off kompaniyasini) tanlov asosida aniqlaydi;

tanlov natijalariga ko‘ra ilmiy/oliy ta’lim tashkiloti (innovatsion spin-off kompaniya) “1+1” prinsipi asosida tarmoq tashkilotlari bilan birga ishlab chiqilgan loyihalarni moliyalashtiradi;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqarilishi bozorda muvaffaqiyatli o‘zlashtirilgan innovatsion mahsulotlarni kengaytirish va kelgusida seriyalab sanoatda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida investitsiya portfeli ishlab chiqiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta’lim tashkilot” zanjirini amaliyotga to‘liq va sifatli tatbiq qilish bo‘yicha tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

  1. Belgilansinki:
  2. a) 2022-yil 1-avgustdan “tubdan yangilovchi” innovatsiyalar yaratishни rag‘batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat organlari va yirik davlat tashkilotlari bilan shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolash huquqi berilib, savdo xaridlari Elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladi;

ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida foyda solig‘ini to‘lagunga qadar foydaning 10 foizgacha miqdoridagi ajratmalari hisobidan korxonalarning alohida hisob raqamida shakllantiriladigan Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘arma (keyingi o‘rinda – Jamg‘arma)lari tashkil etiladi. Bunda:

Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarni yaratishga va joriy qilishga yo‘naltiriladi;

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi;

Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzakov ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari tomonidan mazkur bandning to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablag‘larni Jamg‘armalarga o‘z vaqtida ajratish va undan maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi, shuningdek, har yarim yilda ular rahbarlarining hisobotini eshitadi.

Moliya vazirligi Hisob palatasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida jamg‘arma tashkil etilishi, uning mablag‘lari tasdiqlangan miqdorda shakllantirilishi hamda maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatsin;

  1. b)ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda ulushli moliyalashtirish mexanizmiga muvofiq yangi ishlanmalarni joriy etish asosida yaratilgan innovatsiyalarni – intellektual mulkni ishlanma egalari bilan birgalikda patentlash va tijoratlashtirishni tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
  2. Quyidagilar:

2026-yilga kelib mamlakatimiz Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 56 ta ilg‘or mamlakati qatoriga кирishигa erishishni bosh maqsad qilib qo‘yganligi;

2021-yilda Global innovatsion indeks reytingi e’lon qilinganligi, unda O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan 7 ta pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-ўринни egallaganligi, shu sababli eng katta pog‘ona yuqorilagan mamlakatlar top-10 taligiga kirganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi (T.Narbayeva) Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

  1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda“Innovatsion menejment”, “Loyiha boshqaruvi”, “Tijoratlashtirish”, “Intellektual mulkni boshqarish” yo‘nalishlari bo‘yichao‘quv dasturlarini ishlab chiqsin va 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab tegishli oliy ta’lim muassasalarida joriy qilsin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda mehnat bozorida innovatsion rivojlanish yo‘nalishidagi kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlangan kadrlar taqsimotini va bandligini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

  1. Namangan viloyati Chust tumani hokimining innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilganligi hamda uning faoliyati davomida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining o‘z tuman (shahar)larining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, innovatsion hududga aylantirish maqsadida har bir hududda qo‘shimcha tuman (shahar)larni belgilash haqidagi taklifiga rozilik berilsin hamda ushbu hududlar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Nukus, Marhamat, Romitan, Do‘stlik, Nishon, Karmana, Urgut, Sirdaryo, Oltinsoy, Ohangaron, Oltiariq va Gurlan hamda mazkur farmonning 4-ilovada keltirilgan tumanlarda hokimning innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari joriy qilinsin.

Belgilansinki:

hokim o‘rinbosarlari lavozimlari tegishli tuman byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tegishli tuman hokimlarining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamkorligini tashkillashtiradi.

Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzakov Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda bir oy muddatda innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha hokimlarning o‘rinbosarlari lavozimlari kiritilgan tumanlarni innovatsion hududlarga aylantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

  1. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PF-6198-son farmoni bilan innovatsiyalarni joriy etish vazifasi yuklatilgan rahbar o‘rinbosarlarining bazaviy lavozim maoshiga har oylik 30 foiz miqdoridagi ustamalar tegishli vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan (byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mavjud bo‘lmagan taqdirda Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida), xo‘jalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
  2. Innovatsion rivojlanish vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar, ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlarining innovatsion faoliyati natijalari yillik reytingini yuritish;

ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlarining ilmiy faoliyati bo‘yicha baholash hamda yangi ilmiy ishlanma va texnologiyalar yaratish loyihalarini moliyalashtirishning yangi tizimlarini ishlab chiqish;

Elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladigan innovatsion mahsulot va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishga oid shartnomalarning reyestrini yuritish;

investitsion loyihalarda innovatsiyalarni joriy qilish, hududlarda o‘zlashtiriladigan investitsiya loyihalarini texnologik yechimlar bilan to‘ldirish, shu yo‘nalishlarga investitsiya olib kelinishida ko‘maklashish.

  1. Ushbu farmon ijrosini samarali tashkil qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari  S.U.Umurzakov hamda innovatsion rivojlanish vaziri I.Y.Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 

2022 yil 6 iyul 


Iyul 07, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 529 marta