“Xorazm – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamrohligida Ashxobodda “Toshkent” bog‘ining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Shu yerda “Xorazm – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Xorazm va Toshovuz viloyati oqsoqollari, mutasaddilar videoaloqa orqali barchani ushbu voqea bilan tabriklab, qurilishni boshlashga ruxsat so‘radilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari bu xayrli ishga oq fotiha berdilar.

Chegaraoldi savdo zonasi ikki mamlakatning chegaradosh hududida, “Shovot - Toshovuz” o‘tkazish punkti yonida qurilmoqda. Uning umumiy maydoni 20 gektarni tashkil etadi. Bugun ushbu maskanni barpo etish ishlarini davom ettirish va uning faoliyatini tartibga solish bo‘yicha bayonnoma ham imzolandi. Hududda savdo rastalari, omborxonalar, konteynerlar uchun maydonchalar va tadbirkorlar uchun ish joylaridan iborat zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Ushbu savdo hududi o‘zaro savdoning oshishiga, biznes aloqalarning faollashishiga xizmat qiladi.

 

Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati


Oktabr 22, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 376 marta