"Mahallabay" ishlash tizimi hamda aholi bandligini ta'minlash bo'yicha Gurlan tumani hokimi Achilov Murodjon Azamatovichning murojaati

Muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi PF-29-son Farmoni va PQ-31-son qarori hamda 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-62-son qarorlari asosida tumanda hokim yordamchilari faoliyati tashkil etilib, tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Tumandagi mavjud 50 ta mahallalarga to‘liq tanlov asosida, iqtisodiyot sohasida ishlab kelayotgan malakali rahbar, o‘rinbosar va tajribali tadbirkorlardan iborat kadrlar tanlab olinib, hokim yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish, barcha shart-sharoitlarni yaratish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 412,2 mln so‘m ajratilib, barchasi moddiy-texnik baza bilan ta’minlandi.

Dastlab hokim yordamchilari ishni tumandagi mavjud 27 ming 230 ta xonadonlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazishdan boshladi va xatlov natijasi bo‘yicha xonadonlar 4 ta toifaga ajratib olindi hamda elektron platformaga kiritildi.

Jumladan:

Birinchi toifa – daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar 6,7 foiz (1825 ta);

Ikkinchi toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar 64,3 foiz (17552 ta);

Uchinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar 3,1 foiz (839 ta);

To‘rtinchi toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 26 foiz (7074 ta).

O‘tkazilgan xatlov natijalaridan kelib chiqib, 2022 yil uchun “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, hokim yordamchilari tomonidan 2022 yilning yanvar-aprel oylarida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

  1. a) aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha:

xatlov natijasida aniqlangan 7 ming 796 nafar ishsiz fuqarolardan 3,5 mingdan ortiq fuqarolar doimiy ishlarga, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga va o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishiga jalb qilinib bandligi ta’minlangan bo‘lsa, kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qish istagi mavjud bo‘lgan 396 nafar fuqarolar qayta o‘qitildi.

  1. b) tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha:

tumanda 161 ta yuridik maqomga ega korxonalar va 462 ta kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil qilinib, 623 nafardan ortiq fuqarolar bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, 38 ta xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ob’ektlar ishga tushirilib, 57 ta ish o‘rni yaratildi. Bular 16 ta savdo va umumiy ovqatlanish, 7 ta transport va 15 ta boshqa yo‘nalishlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida Gurlan tumanida (yillik limit 58 mlrd so‘m) hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 472 ta loyihaga 11,6 mlrd so‘mlik kreditlar ajratilib, 300 dan ortiq yangi ishchi o‘rni yaratildi.

Shuningdek, 99 nafar fuqarolarga jamg‘arma mablag‘lari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 273,0 mln so‘mlik subsidiyalar ajratildi. Jumladan, issiqxona yo‘nalishida 42 nafar fuqaroga 176,2 mln so‘m, urug‘lik ko‘chat uchun 3 nafar fuqaroga 2,4 mln so‘m, hunarmandchilik yo‘nalishida 2,2 mln so‘m, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 4,6 mln so‘m, asbob-uskunalar uchun 8,5 mln so‘m, inkubatorlar xarid qilish uchun 22 mln so‘m, tikuv mashinalari xaridi uchun 26,8 mln so‘m subsidiya asosida ajratib berildi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan aholi bandligini ta’minlash, aholining doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun 10 yil muddatga yer maydonlarini ijaraga berish maqsadida tumanda 424,0 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari 2 796 ta lotlarga bo‘linib, auksionga chiqarildi, ochiq tanlov asosida tanlov o‘tkazilib, 2 796 ta lot (100,0 foiz) bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlandi va 424,0 gektar yer maydoni fuqarolarga ajratib berildi. Hozirgi kunda ajratib berilgan yer maydonlariga “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlari olib borilmoqda.

Hokim yordamchilari tomonidan 2022 yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan  ishlarni “Vatanparvar” MFYdagi hokim yordamchisi faoliyati misolida ko‘rib chiqsak. Monitoring natijalariga ko‘ra bugungi kungacha mahalladagi 565 ta xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazildi hamda toifalarga ajratib chiqildi.

Mahallada ishsizlar 233 nafarni, xorijda ishlovchi fuqarolar 169 nafarni tashkil qiladi. Mahallaning asosiy o‘sish nuqtalari sifatida xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik va parrandachilik yo‘nalishlari tanlab olindi.

Tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan “Jekad Lyuks” MChJ tomonidan kooperatsiya usulida ushbu mahalladagi "Saxtiyon Roziya tikuv servis" oilaviy korxonasi hamda hududdagi 50 ta xonadonga mato va kerakli xomashyo yetkazib berilib, bolalar, ayollar va erkaklar liboslari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi natijasida kamida 75 nafar ishsiz ayollar bandligi ta’minlanadi.

Parrandachilik yo‘nalishida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Hamid Matkarimov xonadonida 16 ming bosh jo‘ja chiqarish quvvatiga ega inkubator mavjud bo‘lib, yana 8 nafar yoshlarga subsidiya asosida 500 talik inkubatorlar yetkazib berildi. Inkubatorlardan chiqqan 1 oylik jo‘jalar mahalladagi parranda boqish istagida bo‘lgan 100 ta xonadonga 100-200 tadan yetkazib beriladi va 100 nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi. Shuningdek, fuqaro Hamid Matkarimov tomonidan tuyaqushchilikni rivojlantirish maqsadida inkubatsiya sharoitida tuyaqush tuxumlarini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yildi.

Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida mahalladagi 2 ta bo‘sh turgan binoda xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil qilish hisobiga 16 ta, YaTT “Tursunov Tajiboy” tomonidan hammom, savdo va maishiy xizmat hamda "Ahmadjon Yangiljon" MChJ tomonidan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 15 ta, 4 ta yengil konstruksiyali savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil qilish evaziga 10 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shu asosda tumandagi har bir mahallada hokim yordamchilari tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Buning uchun har bir mahallaning o‘sish nuqtalari aniqlanib, hozirda ushbu yo‘nalishlarda ishlar tashkil etilmoqda. Maqsadimiz xalqimizni rozi qilish ekan, shunga erishish uchun barchamiz o‘zaro hamkorlikda ish yuritib, oldimizga qo‘yilgan muhim vazifalarni o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta’minlaymiz.


May 17, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 678 marta